Logo

Hindistonda O'zbekistondagi yangilanish jarayoniga bag'ishlangan maxsus jurnal nashrdan chiqdi

Oktabr 20, 2025. 13:33 • 3 daq

81
Hindistonda O'zbekistondagi yangilanish jarayoniga bag'ishlangan maxsus jurnal nashrdan chiqdi

 DEHLI, 20-oktabr. /"Dunyo" AA/. Hindistonning ixtisoslashgan "Business Central Asia" jurnalining O'zbekistonga bag'ishlangan maxsus soni nashrdan chiqdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jurnal sahifalarida mamlakatimiz hayotidagi so'nggi o'zgarishlar va yangilanish jarayoniga bag'ishlangan tahliliy materiallar va yorqin fotosuratlar joy olgan.

"O'zbekiston asrlar davomida insoniyat tamaddunida o'chmas iz qoldirgan buyuk allomalar, shoirlar va mutafakkirlar tug'ilib, tarbiya topgan zamin bo'lib kelgan. Mamlakat tarixi aql-zakovat va ijodkorlikning yorqin manzarasini, qadimdan insoniyat tasavvurini shakllantirgan madaniyatning ishonchli dalilini o'zida aks ettirgan. Bugungi kunda O'zbekiston yana iqtisodiy imkoniyatlar chorrahasiga aylangan. Mamlakat izchil va dadil islohotlar, strategik investitsiyalar va g'ayratli yosh aholi bilan jahon sahnasiga dadil kirib bormoqda", – deb ta'kidlangan nashrning bosh maqolasida.

Unda, shuningdek, O'zbekistonning boy merosi, tabiiy boyliklari va shijoatli aholisi bugungi kunda qo'lga kiritilayotgan salmoqli iqtisodiy va ijtimoiy muvaffaqiyatlarga asos bo'layotgani urg'ulangan. Izchil davom ettirilayotgan yangilanish jarayoni, uzoqni ko'zlagan maqsadli islohotlar va global maydondagi ishtirokning kengayayotgani mamlakatning Yevroosiyoning qoq markazida dadil taraqqiy etayotgan, faol va iqtisodiy jihatdan ta'sir o'tkazayotgan davlat sifatidagi mustahkam mavqeidan dalolat beradi.

O'quvchilar e'tiboriga havola etilgan maqolalar O'zbekiston hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan.

"Taqdiri mushtarak insonlar uchun Mustaqillik bayrami" sarlavhali materialda davlatimiz rahbarining O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqi mazmun-mohiyati, mamlakatimizda bo'lib o'tgan bayram tadbirlari haqida so'z yuritilgan.

"Shavkat Mirziyoyev: har bir investorning manfaatlarini kafolatlaymiz" sarlavhali maqola 4-Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga bag'ishlangan. Muallif O'zbekiston Prezidenti mamlakat investorlar manfaatlarini himoya qilish va qulay investitsiya muhitini yaratishga sodiqligini alohida ta'kidlaganini bayon etgan. Nashr o'quvchilarining e'tibori O'zbekistonda xorijiy investorlarga jozibador va qulay shart-sharoitlar yaratish uchun mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlaydigan milliy tizim joriy etilganiga qaratgan.

O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev "O'zbekiston va Hindiston: ko'p asrlik do'stlikdan XXI asrdagi strategik sheriklik sari" sarlavhali maqolada mamlakatimiz Mustaqillikning 34 yillik sanasini qanday yuksak natijalar bilan kutib olgani, hayotga tadbiq etilayotgan serqirra va salmoqli islohotlar samaralari, O'zbekiston-Hindiston hamkorligining bugungi holati va istiqbollari haqida fikr yuritgan.

Maxsus sonda professorlar Akmal Saidov va Durbek Ahmedov, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, jurnalist Behruz Xudoyberdiyev va boshqa mualliflarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar, xalqaro va sport hayotiga oid maqolalari o'rin olgan.

"Termiz muloqoti: o'zaro bog'liqlik shunchaki atama emas, balki hayotiy ahamiyatga ega tushunchadir" sarlavhali maqolada O'zbekiston janubidagi qadimiy va strategik joylashgan shaharda bo'lib o'tgan Termiz muloqoti haqida hikoya qilinadi. Nashr xalqaro muloqotning ushbu yangi formati qisqa vaqt ichida Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy hamkorlikni ilgari surish uchun muhim platforma sifatida e'tirof etilganini qayd etgan. "Tarixan Sharq va G'arb, Shimol va Janub sivilizatsiyalari o'rtasidagi bog'lovchi bo'g'in bo'lgan Termiz endilikda nafaqat ushbu merosning ramzi, balki o'zaro bog'liqlikka asoslangan yangi mintaqaviy tartibning tayanchi sifatida ham qabul qilinmoqda", – deb yozgan maqola muallifi.

Mamlakatimizning turizm salohiyati, xalqimizning urf-odatlari va an'analari, milliy oshxona rang-barangligi va boshqa mavzulardagi materiallar ham nashr o'quvchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

"Business Central Asia" jurnali Markaziy Osiyoda ro'y berayotgan voqealar va Hindistonning mintaqa mamlakatlari bilan o'zaro hamkorligi masalalarini keng yoritishga ixtisoslashgan. Adadi 40 ming nusxadan oshadi. Vazirliklar va idoralar, iqtisodiy, ekspert-tahliliy, ilmiy, akademik va keng jamoatchilik doiralari hamda Dehlida akkreditatsiyadan o'tgan xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari o'rtasida tarqatiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish