Logo

Moskva viloyatida bo'lib o'tgan O'zbekiston va Rossiya hududlararo kengashining ikkinchi yig'ilishi Rossiya OAV diqqat markazida

Oktabr 23, 2025. 10:51 • 3 daq

72
Moskva viloyatida bo'lib o'tgan O'zbekiston va Rossiya hududlararo kengashining ikkinchi yig'ilishi Rossiya OAV diqqat markazida

MOSKVA, 23-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiya ommaviy axborot vositalari, jumladan, "Rossiya 24" va "MIR 24" telekanallari, shuningdek, "TASS", "RIA Novosti", "Sputnik", "Bolshaya Aziya" axborot agentliklari 21-22- oktyabr kunlari Moskva viloyatida bo'lib o'tgan O'zbekiston va Rossiya hududlararo ikkinchi kengashi yig'ilishini keng yoritdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrlarda qayd etilganidek, Kengash ikki davlat o'rtasidagi hududlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.

Xususan, Rossiya ommaviy axborot vositalari ikki mamlakat delegatsiyalari vakillari Rossiya va O'zbekiston hududlararo kengashining ikkinchi yalpi yig'ilishida, sanoat va qishloq xo'jaligi, energetika va elektron tijorat, transport va logistika, madaniyat va ta'lim sohalarida hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilganini ta'kidlagan.

"Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kengash ishtirokchilariga murojaat yo'lladi. Murojaatda hududlararo hamkorlik ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarning muhim tarkibiy qismi sifatida qayd etildi va bugungi kunda qo'shma iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar loyihalarni amalga oshirish, sanoat parklari va texnologiyalar markazlarini ochish, ko'rgazma va taqdimotlar o'tkazish uchun shart-sharoit ko'rsatuvchi 40 dan ortiq mintaqalararo kelishuvlar amal qilayotgani ta'kidlandi", – deyilgan nashrlarda.

Ma'lum qilinishicha, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga tabrik yo'lladi. Unda hududlar strategik maqsadlarga erishishda muhim rol o'ynashi va amaliy hamkorlikning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi kerakligini ta'kidlandi. Shuningdek, hududlararo hamkorlikning asosiy ustuvor yo'nalishlarini belgilab berildi.

Qishloq xo'jaligi sohasida sheriklik aloqalarini chuqurlashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, Rossiyaning yetakchi bozorlari bilan hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlash, turizmni rivojlantirish orqali o'zaro savdoning ijobiy dinamikasini saqlab qolish shular jumlasidandir.

Yalpi yig'ilishda so'zga chiqqan Rossiya Bosh vazirining birinchi o'rinbosari Denis Manturov Rossiya va O'zbekiston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2019 yildan buyon ikki baravardan ziyod oshgani, 2025 yilda esa yana 7 foizga oshishi kutilayotganini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, har ikki davlat ham hamkorlikni qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida e'tibor qaratmoqda va bu boradagi Rossiya-O'zbekiston sarmoyaviy platformasi davlatimiz tashabbusi bilan yaratilgan asosiy ishdir.

O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Jamshid Xodjayev geosiyosiy beqarorlik, global iqtisodiy muammolar, bozor va xomashyo uchun raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda ikki davlat oldida qator strategik vazifalar turganini ta'kidladi. Bu vazifalarni hal etishning kaliti mamlakatlar taraqqiyotining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanib borayotgan va hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun salmoqli salohiyatga ega bo'lgan hududlardadir.

"Jamshid Xodjayev o'z nutqida import va eksport tuzilmasiga alohida to'xtalib, elektron tijorat ko'payganini ta'kidlab, barcha savdo to'siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni uyg'unlashtirish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish, o'zaro bozorga kirishni soddalashtirish, xomashyo va tayyor mahsulotlarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish bo'yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar hududlar o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yangi bosqichga ko'tarishiga ishonch bildirdi", – deb ta'kidlangan materiallarda.

O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo'jaligida kooperatsiyani rivojlantirish muhimligini ta'kidlab, madaniy-gumanitar hamkorlikka alohida e'tibor qaratdi.

"O'zbekiston noyob tarixiy, madaniy va me'moriy yodgorliklari, jadal rivojlanayotgan ekoturizm yo'nalishlari va obyektlari bilan faxrlanadi. Biz ekologik, sog'lomlashtirish, gastronomik, ziyorat turizmini rivojlantirishga tayyormiz", – deya O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari so'zlaridan iqtibos keltirilgan manbalarda.

Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, tadbirda ikki mamlakat hududlari yetakchilari, davlat va munitsipal hokimiyat organlari vakillari, ekspertlar, tadbirkorlar so'zga chiqib, Rossiya va O'zbekiston o'rtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida to'xtaldilar.

 

 

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish