O'zbekiston olimlari Hindistonning Gauhati universitetida buyuk boburiy mutafakkir Doro Shukuh ilmiy merosiga bag'ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Noyabr 19, 2025. 12:32 • 2 daq
• 151
DEHLI, 19-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston olim va tadqiqotchilari delegatsiyasi Hindistonning Assam shtatidagi Gauhati universitetida (Gauhati Universiy) o'tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy seminarda qatnashdi, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Seminar sufiylik ta'limoti va dinlararo muloqotning tinchlik va ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashdagi ahamiyatiga bag'ishlandi. Unda buyuk boburiy mutafakkir Doro Shukuhning diniy totuvlikka yondashuvi alohida ta'kidlandi.
Forumda O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori Hulkar Hamroyeva, Namangan davlat universiteti professori Farida Karimova, Qo'qon davlat pedagogika universiteti professori Barno Abdurahmonova, Urganch innovatsion universiteti dotsenti Charos Sobirova, shuningdek, xalqaro jurnalist va tarjimon Asror Allayorov ma'ruza qildi.
Mamlakatimiz vakillarining O'zbekiston va Markaziy Osiyo madaniy va intellektual merosining turli jihatlariga bag'ishlangan ma'ruzalari konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi. Ularda mintaqani Hindiston bilan bog'lab turuvchi umumiy madaniy-ma'naviy ildizlarga alohida urg'u berildi.
Tadbir ishtirokchilari boburiylar sulolasi podshohi Shohjahonning to'ng'ich o'g'li — atoqli mutafakkir va so'fiy olim shahzoda Doro Shukuhning ilmiy-ma'naviy merosi haqida so'z yuritdi.
Doro Shukuh islom sufiylik ta'limoti va hind ma'naviy an'analari o'rtasida o'zaro muvofiqlik nuqtalarini topishga intilgan kitoblari bilan mashhur. Uning asosiy asarlaridan biri - "Majma-ul-Bahrayn" («Ikki ummon tutashgan joy») dinlar muloqoti va g'oyalar uyg'unligining yorqin namunasi hisoblanadi.
Olimlar Doro Shukuhning dinlararo muloqotga bo'lgan yondashuvi, totuvlik va o'zaro anglashuvga intilishi zamonaviy dunyoda nihoyatda dolzarb bo'lib qolayotganini yakdil ta'kidladi. Uning shaxsiyati madaniyat va dindagi birlashtiruvchi tamoyilning kuchli ramzi bo'lib xizmat qiladi.
Hindiston ommaviy axborot vositalari konferensiya ishini faol yoritdi. Nashrlarda bunday forumlar Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi madaniy-gumanitar va akademik aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Islom ilm-fani, madaniyati va sufiylik ta'limotining qadimiy markazlari vakillari bo'lgan o'zbek olimlarining anjumandagi faol ishtiroki Doro Shukuh g'oyalarining zamonaviy xalqaro muloqotdagi dolzarbligini yorqin ifoda etgani qayd etildi. Shuningdek, O'zbekistonning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish va chuqur o'rganishga qo'shgan salmoqli hissasi e'tirof etildi.
Bunday mazmundagi muloqotlar qo'shma tadqiqot loyihalari, akademik almashinuvlar, ko'rgazmalar va madaniy festivallarni tashkil etish uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi