Toshkentda IV Jahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi bo'lib o'tmoqda
Oktabr 02, 2024. 18:48 • 4 daq
• 519
TOSHKENT, 2-oktabr. /"Dunyo" AA/. Joriy yil 2-4-oktabr kunlari Toshkent shahri IV Jahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasiga (WCCE) mezbonlik qilmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu keng ko'lamli tadbir O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi (ACDF) tomonidan Indoneziya, BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) va Jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) ko'magida tashkil etildi. Konferensiya sheriklari qatoridan Britaniya Kengashi, Osiyo taraqqiyot rankining Rivojlanish instituti va Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti o'rin olgan.
Mazkur konferensiya butun dunyo bo'ylab 2000 dan ortiq kreativ soha rahbarlari va yetakchilarini kreativ iqtisodiyotning kelajagi va eng yangi texnologiyalar, shu jumladan sun'iy intellektning ushbu jadal rivojlanayotgan sohaga ta'sirini muhokama qilish uchun birlashtiradi. "WCCE-2024" – "Inklyuziv kreativlik: o'zgaruvchan reallik" asosiy mavzusida bo'lib o'tayapti. Ushbu muhokama texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan bog'liq ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hamda barqaror kelajakni shakllantirishda kreativ sanoatlarning o'rnini o'rganishga bag'ishlanadi.
Konferensiya davomida kreativ iqtisodiyot masalalari bo'yicha vazirlar uchrashuvi, jahon va O'zbekistonning kreativ sanoatlari yutuqlari ko'rgazmasi, shuningdek, ko'plab vorkshoplar, mahorat darslari va amaliy mashg'ulotlar kabi muhim tadbirlar o'tkaziladi. Tadbir doirasida Toshkent shahridagi Zamonaviy san'at markazi qoshida yangi Art-rezidensiyalar ochilishi ham kutilmoqda.
"WCCE" konferensiyasi 2018-yilda ilk bor Indoneziyada tashkil etilgan bo'lib, kreativ iqtisodiyot masalalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro platforma sifatida o'zini namoyon qilgan. "WCCE" barqaror iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish va resurslarga bog'liq iqtisodiyotdan bilim iqtisodiyotiga o'tishda kreativ sohalarning rolini ta'kidlab, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Madaniy va kreativ sanoatlar har yili taxminan 2,3 trillion AQSh dollari miqdorida daromad keltirib, global yalpi ichki mahsulotning 3,1 foizni tashkil qiladi. 2030-yilga kelib bu ko'rsatkich 10 foizga o'sishi kutilmoqda. "WCCE-2024" konferensiyasida kreativ sanoatlar inklyuziv va barqaror iqtisodiy rivojlanishga qanday hissa qo'shishi, shuningdek, sun'iy intellekt kabi texnologiyalar bu sohadagi o'yin qoidalarini qanday o'zgartirishi haqida muhokama qilish uchun maxsus platforma bo'ladi.
IV Jahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasining ma'ruzachilari orasida o'z bilimlari va tajribalarini baham ko'rishga tayyor bo'lgan yetakchi xalqaro va mahalliy mutaxassislar o'rin olgan. Ular orasida UNCTAD bosh kotibi Rebeka Grinspan, Qatar muzeylari va Doxa film instituti raisi Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Al Tani, hujjatli film rejissyori va sobiq model Farida Xelfa, Solomon R. Guggenxaym jamg'armasi va muzeyi bosh direktori, doktor Mariet Vestermman, shuningdek, kreativ sanoatlarning taniqli vakillaridan biri bo'lgan kontent yaratuvchi va tadbirkor The Gstaad Guy, model Arizona Myuz, "Masterclass" hammuassisi Aaron Rasmussen, "LVMH Watches & Jewellery'" badiiy direktori Francheska Amfiteatrof, "Teo Yang Studio" asoschisi Teo Yang va Dubay Madaniyat va san'at boshqarmasi bosh direktori Hala Badri va boshqalar bor.
Konferensiya dasturi juda boy va xilma-xil. Dastur plenar yig'ilishlar, panel muhokamalari, vorkshoplar va mahorat darslarini o'z ichiga oladi. Ishtirokchilar nafaqat yangi bilimlarga ega bo'lishlari, balki madaniy dasturdan ham bahramand bo'lishlari mumkin. Shu jumladan, san'at ko'rgazmalari va poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham bo'lib o'tadigan alohida netvorking imkoniyatlari ham nazarda tutilgan. "Kreativ iqtisodiyot do'stlari" ("Friends of Creative Economy") forumi esa kreativ iqtisodiyotning xalqaro maydondagi rolini muhokama qilishni davom ettirishga imkon yaratadi.
Konferensiya interfaol tarzda o'tkazilib, ishtirokchilarga nafaqat ma'ruzalar va panel muhokamalarini tinglash, balki mahorat darslari va ideyatonlar (g'oyalar tanlovi) davomida yetakchi mutaxassislar bilan faol muloqot qilish imkonini beradi.
Shunday tadbirlardan biri — 3-oktabr kuni "IT Park Uzbekistan" bilan hamkorlikda tashkil etiladigan "Bridging Creativity Gap – Building Inclusive Space for Creatives in Uzbekistan" nomli g'oyalar tanlovidir.
Konferensiyaning so'nggi kunida O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi yoshlar uchun startap tanlovi tashkil etadi. Mazkur tanlov doirasida yosh iste'dodlar o'z loyihalarini namoyon qilish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
"WCCE-2024"ning asosiy yo'nalishlaridan biri – "CreatiVillage" — ijodkorlarning global qishlog'i bo'lib, u yerda ijodkorlar o'z mamlakatlari madaniyati, merosi, innovatsiyalari, san'ati, liboslari va taomlarini taqdim etadilar. Mazkur platforma kreativ sanoatlardagi innovatsiyalar va global hamkorlikni ilhomlantirishga xizmat qiladi.
Shu tariqa, Toshkent shahrida o'tkazilayotgan IV Jahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi nafaqat kreativ sanoatlar, balki dunyoning umumiy iqtisodiyoti uchun ham muhim voqea bo'lib, g'oyalar almashinuvi, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va innovatsion rivojlanishni rag'batlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi