"London Post": Markaziy Osiyo mamlakatlarining o'zaro ishonch va pragmatizm asosidagi sa'y-harakatlarini konsolidatsiya qilish butun mintaqaning mustahkam iqtisodiy poydevorini shakllantirmoqda
Noyabr 16, 2025. 15:52 • 3 daq
• 120
LONDON, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning mashhur "London Post" yangiliklar portalida Toshkentda shu kunlarda o'tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada ta'kidlanishicha, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari bosqichma-bosqich mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirish bo'yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishning asosiy mexanizmiga aylanmoqda.
O'zbekiston savdo, sanoat kooperatsiyasi va barqaror transport-logistika zanjirlarini rivojlantirishga qaratilgan integratsion jarayonlarning faol tashabbuskori sifatida ishtirok etmoqda. Bugungi kunda mintaqa siyosiy dialogdan sarmoya, innovatsiya va sanoatlashtirishga asoslangan amaliy hamkorlik bosqichiga o'tmoqda.
Huquqiy bazani uyg'unlashtirish, to'siqlarni bartaraf etish va yagona sanoat standartlarini yaratish yo'nalishida olib borilayotgan izchil ishlar Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun energetika, mashinasozlik, qishloq xo'jaligi va qayta ishlash sanoati sohalarida kapitalni jalb etish hamda qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
"Qozog'iston O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchi hamkori bo'lib qolmoqda. 2025-yil yanvar - sentyabr oylarida ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,48 milliard AQSh dollariga yetdi (+15,5%). Eksport 1,06 milliard, import esa 2,42 milliard dollarni tashkil etdi", - deyiladi materialda.
"London Post" nashrida so'nggi yillarda O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi munosabatlar strategik hamkorlik darajasiga chiqqanligi haqida ham to'xtalib o'tdi. Xususan, huquqiy bazaning asosini sanoatning ustuvor yo'nalishlarini rivojlantirish to'g'risidagi bitimlar,
2023-2025-yillarga mo'ljallangan strategik savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi va 2030-yilgacha savdoni oshirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi tashkil etadi.
Shuningdek, maqolada ta'kidlanishicha, Tojikiston O'zbekistonning muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Davlatlar o'rtasida erkin savdo to'g'risidagi bitim amal qiladi, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiya esa sanoat va infratuzilma sohalaridagi loyihalarni muvofiqlashtirmoqda.
"Investitsion yaqinlashuv ramziga aylangan O'zbekiston - Tojikiston investitsiya kompaniyasining ustav kapitali 100 million dollargacha oshirildi. Kompaniya oziq-ovqatni qayta ishlash, makaron ishlab chiqarish va oziq-ovqat sanoatini modernizatsiya qilish loyihalarini moliyalashtirmoqda", - deya so'z yuritilgan "London Post" nashrida.
Turkmaniston bilan iqtisodiy hamkorlik barqaror rivojlanmoqda, sanoat, energetika va logistika sohalarida aloqalar kengaymoqda. Uzoq muddatli hamkorlik va investitsiyalarni himoya qilish to'g'risidagi hukumatlararo bitimlar biznes uchun mustahkam huquqiy asos yaratmoqda. O'zbekiston Turkmanistonga mineral yoqilg'i, kimyo va sanoat mahsulotlari, mashina va uskunalar eksport qilmoqda, Turkmanistondan esa xom ashyo va neft-kimyo mahsulotlarini import qilmoqda. Turkman kapitali ishtirokidagi 200 ga yaqin korxonalar O'zbekistonda faoliyat yuritmoqda, ular qadoqlash materiallari, mebel, to'qimachilik va neft mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida loyihalarni amalga oshirmoqda.
"Savdo-iqtisodiy hamkorlik natijalari mintaqa yangi bosqichga tayyor ekanini ko'rsatmoqda. O'zbekiston hamkorlar bilan birgalikda sanoat siyosati, transport logistikasi va investitsiya mexanizmlari bo'yicha umumiy yondashuvlarni shakllantirmoqda. Qo'shma sanoat zonalarini yaratish, transchegaraviy investitsiyalarni rag'batlantirish va yuqori qo'shimcha qiymatli mahsulotlarni ilgari surish tashabbuslari tobora faollashmoqda", - deyilada maqolada.
Manbada qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining o'zaro ishonch va pragmatizm asosidagi birlashuvi butun mintaqa uchun mustahkam iqtisodiy poydevor yaratmoqda. O'zbekiston esa qo'shma taraqqiyot g'oyasini ilgari suruvchi sifatida Markaziy Osiyoning yangi sanoat davrining tabiiy integratsiya markaziga aylanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi