Logo

Xitoy ekspertlari: O'zbekiston mintaqaviy va xalqaro miqyosda birlashtiruvchi kun tartibini ilgari surmoqda

Oktabr 24, 2025. 13:15 • 3 daq

104
Xitoy ekspertlari: O'zbekiston mintaqaviy va xalqaro miqyosda birlashtiruvchi kun tartibini ilgari surmoqda

PEKIN, 24-oktabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning yetakchi tahliliy markazlaridan biri – Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutida joriy yil 1-sentabr kuni Tyansin shahrida bo'lib o'tgan SHHT sammiti va "SHHT plyus" formatidagi muloqotda O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutlari, Xitoy Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti, Xitoy xalqaro tadqiqotlar akademiyasi, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi qoshidagi Yevroosiyo instituti, SHHT Kotibiyati rahbarlari va yetakchi ekspertlari, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

  Ishtirokchilarga davlatimiz rahbari tomonidan SHHT sammitida e'lon qilingan tashabbuslarning mazmun-mohiyati va ahamiyati atroflicha tushuntirilib, O'zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining ustuvor yo'nalishlari belgilab olindi.

Sun Chjuanchji, Strategik tadqiqotlar va Yevropa hamkorlik instituti direktori:

– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning SHHT va "SHHT plyus" sammitlaridagi tashabbuslari pragmatik va konseptual xarakterga ega bo'lib, ular global ahamiyatga ega.

Tez o'zgarib borayotgan xalqaro sharoitda iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlikni ta'minlash, gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan konstruktiv tashabbuslar xalqaro hamjamiyat uchun har qachongidan ham muhimroqdir.

O'zbekiston yetakchisining tegishli takliflari SHHT faoliyati samaradorligini yana-da oshirishga, shuningdek, Tashkilot doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ishonchim komilki, SHHTning muhim materiallar bo'yicha mintaqaviy markazi, energetika konsorsiumi, venchur kapital kompaniyalari va fondlari tarmog'ini tashkil etish bo'yicha takliflar iqtisodiy salohiyatni mustahkamlash va innovatsiyalarni rag'batlantirish nuqtai nazaridan o'z vaqtida bildirildi. Bularning barchasi Xitoyning "Bir makon va bir yo'l" tashabbusi doirasida yuqori sifatli hamkorlik va "yashil" sanoatni rivojlantirish ustuvorliklariga to'liq mos keladi.

Bugungi ochiq muloqot Markaziy Osiyo va SHHTdagi o'zgarishlarni kuzatuvchi yetakchi tahliliy markazlarga nafaqat O'zbekiston Prezidenti takliflarini chuqurroq o'rganish, balki SHHTni kelgusida rivojlantirish bo'yicha mamlakatlarimizning qarashlari va yondashuvlarini qiyosiy tahlil qilish imkonini berdi.

Soxayl Xan, SHHT bosh kotibi o'rinbosari:

– Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyantsin sammiti doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslarni atroflicha ko'rib chiqdik. O'zbekiston rahbari, ayniqsa, umumiy mintaqamizda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlash borasida juda muhim va zarur tashabbuslarni ilgari surdi.

O'zbekiston erishayotgan yutuqlar bizni quvontirayotganini alohida ta'kidlamoqchiman. O'zbekiston rahbarining oqilona siyosati tufayli mamlakatda jiddiy o'zgarishlar ro'y berayotganini ko'ryapmiz. Barcha sohalarda keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

SHHT doirasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun ko'plab muhim yo'nalishlar mavjud. Xususan, SHHT makonida raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib, yangi imkoniyatlar ochmoqda. Biz O'zbekiston va SHHTga a'zo boshqa davlatlar bilan barcha sohalarda faol hamkorlik qilishga tayyormiz.

Li Yunsyuan, Xitoy Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyoti instituti ilmiy kengashi direktori:

– Biz O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tyanszinda bo'lib o'tgan SHHT va "SHHT plyus" sammitlari chog'ida e'lon qilingan tashabbuslarini diqqat bilan o'rganib chiqdik.

Ta'kidlash joizki, O'zbekiston rahbari doimo nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro muammolarni ham qamrab olgan amaliy va dolzarb tashabbuslarni ilgari suradi. Bugungi kunda dunyo murakkab jarayonlarni boshidan kechirmoqda va noaniqlik bilan to'la. Bunday sharoitda O'zbekistonning tashabbuslari beqiyos.

Din Syaosin, CASMO qoshidagi Yevroosiyo instituti direktori:

– O'zbekistonning SHHT rivojiga qo'shgan hissasi yaqqol ko'rinib turibdi. O'zbekiston rahbari tashkilotimiz faoliyatiga yana-da kuchli turtki berishga qaratilgan dadil va muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tyanszin sammitidagi "ishonchni tiklash, tinch-totuv yashashga intilish, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsip va normalari" zarurligi haqidagi chaqiriqlari Rais Si Szinpin ilgari surgan Global boshqaruv tashabbusiga mos keladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish