O'zbekiston-Qozog'iston: mushtarak tarix va umumiy farovonlikka sodiqlik namunasi
Aprel 04, 2024. 21:36 • 6 daq
• 456
TOSHKENT, 5-aprel. /"Dunyo" AA/. Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bugun tashrif bilan O'zbekistonga keladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston va Qozog'iston – eng yaqin qo'shni hamda ittifoqchi davlatlardir. Ularning munosabatlari umumiy do'stlik va yaxshi qo'shnichilik tamoyillari asosida qurilgan.
Har ikki davlat ham mintaqaviy sheriklik kun tartibini izchil rivojlantirmoqda. Bu jarayonda har bir mamlakatning uzoq muddatli va izchil rivojlanishi butun mintaqaning barqarorligi va farovonligi bilan uzviy bog'liqligiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Birgalikdagi sa'y-harakatlar natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit vujudga keldi. Mintaqa xalqaro diplomatiya, siyosiy faollik va iqtisodiy rivojlanishning yangi markazi sifatida shakllanmoqda.
O'zbekiston Prezidenti tomonidan 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmi doirasida samarali muloqot olib borilmoqda. Shu bilan birga, O'zbekiston va Qozog'iston rahbarlari mintaqani xalqaro hamkorlikning tobora muhim mexanizmlariga aylanib borayotgan "Markaziy Osiyo +" platformalari doirasida ham birlashtirishga sodiq ekanliklarini namoyish etmoqdalar.
1992-yil noyabr oyida diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan buyon O'zbekiston va Qozog'iston ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamda ko'p tomonlama hamkorlikning dinamik modelini namoyish etdi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-23-mart va 2021-yil 5-6-dekabr kunlari Qozog'istonga davlat tashriflari, shuningdek, Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning 2019-yil 14-15-aprel va 2022-yil 21-22-dekabr kunlari O'zbekistonga amalga oshirgan davlat tashriflari yangi bosqichdagi o'zaro hamkorlik uchun kuchli turtki bo'ldi. Ushbu tashriflar natijasida bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar to'plami imzolandi. Davlatlarimiz o'rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnomaning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni misli ko'rilmagan yuqori darajaga ko'targan chinakam tarixiy voqea bo'ldi.
Ikki davlat xalqaro siyosat masalalarida bir-birini qo'llab-quvvatlab, xalqaro tashkilotlar – BMT, ShHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi va boshqa tashkilotlar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ko'plab masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyalari o'xshash yoki yaqin.
Bu borada ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi muntazam aloqalar muhim o'rin tutadi. Joriy yilning fevral oyi o'rtalarida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rasmiy tashrif bilan Qozog'istonda bo'ldi. Tashrif davomida O'zbekiston TIV rahbari Prezident Qasim-Jomart Toqayev tomonidan qabul qilindi va Bosh vazir o'rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan muzokaralar o'tkazdi.
Mamlakatlarimiz o'rtasida parlamentlararo hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Xususan, so'nggi yillarda delegatsiyalar almashinuvi faollashdi, parlamentlar palatalari o'rtasida muloqot yo'lga qo'yildi. Jumladan, 2022-yil fevral oyida O'zbekiston va Qozog'iston Parlamentlararo hamkorlik kengashini tashkil etish to'g'risida bitim imzolandi. 2023-yil oktyabr oyida Qozog'iston Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanovning O'zbekistonga tashrifi doirasida Parlamentlararo hamkorlik kengashining birinchi majlisi bo'lib o'tdi.
Qozog'iston O'zbekistonning uchinchi yirik tashqi savdo hamkori bo'lib, mamlakatimiz umumiy savdo hajmining 9,3 foizini tashkil etadi. So'nggi besh yilda mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash pandemiya oqibatlariga qaramay barqaror o'sib bormoqda. 2023-yilda bu ko'rsatkich 4,4 milliard AQSh dollarini tashkil qildi.
Bugungi kunda O'zbekistonda 1250 dan ortiq Qozog'iston korxonasi, Qozog'istonda esa o'zbek kapitali ishtirokida 1400 dan ortiq kompaniya faoliyat ko'rsatmoqda.
O'zbekiston-Qozog'iston hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlaridan yana biri – bu transport kommunikatsiyalari sohasidir. Mamlakatlarimiz avtomobil va temir yo'llari o'zaro integratsiyalashgan. Ushbu muhim aloqa tarmog'i uchinchi davlatlar uchun tranzit vazifasini o'tayapti. 2023-yilda temir yo'l transportida xalqaro tashish hajmi 23,46 million tonna, avtomobil transportida 2,1 million tonna, havo transportida esa 90 ming tonnani tashkil etdi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning faol yo'nalishlari investitsiya, sanoat, qishloq xo'jaligi, energetika, farmatsevtika, qurilish va boshqa sohalardir. Bu sa'y-harakatlarga qo'shimcha turtki berish maqsadida qo'shma Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi tashkil etildi.
Hududlararo aloqalar o'zaro hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga sabab bo'layotir. 2018-yildan boshlab ikki tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmi – Hududlararo hamkorlik forumi ishga tushirildi. Bugungi kunga qadar uchta shunday forum o'tkazildi. Ikki davlatning chegaradosh viloyatlari rahbarlari o'zaro mahsulot yetkazib berish, yangi hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish masalalarida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
O'zbekiston va Qozog'iston tarixiy, ma'naviy va madaniy yaqinlikdagi yaxshi qo'shnilar, shuningdek, Markaziy Osiyo salohiyatini mustahkamlash, butun mintaqada tinchlik va farovonlikni ta'minlashga hissa qo'shayotgan ishonchli strategik hamkorlardir.
Qardosh O'zbekiston va Qozog'iston xalqlari Markaziy Osiyoning qadimiy tamaddunining vorislari bo'lib, ular o'z ajdodlarining an'analari, qadriyatlari, madaniy-ma'naviy merosini asrab-avaylab kelmoqda. Ushbu muhim omil ikki davlat o'rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilayapti.
Tarixiy aloqalarni mustahkamlashga, shuningdek, ikki davlat hududlarida istiqomat qilayotgan o'zbek va qozoq millatlari vakillari ham munosib hissa qo'shmoqda. Yurtimizdagi qozoq millati vakillarining o'z ona tilini asrab-avaylashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, yurtimizda 400 ta maktabda qozoq tili o'qitiladi, 162 ta maktabda ta'lim faqat qozoq tilida tashkil etilgan. Qozoq tilida oliy va kasb-hunar ta'limi olish uchun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Nukus, Jizzax va Navoiy davlat pedagogika institutlarida qozoq tili va adabiyoti fakulteti va kafedralari mavjud.
Oliy ta'lim sohasida ikki mamlakat universitetlari o'rtasida hamkorlik bo'yicha 280 dan ortiq shartnoma va memorandumlar tuzilgan. 2022-yil 22-dekabr kuni Oliy va oliy ta'limdan keyingi ta'lim sohasida hamkorlik to'g'risida bitim imzolandi.
O'zbekistonda har yili Qozog'iston oliy o'quv yurtlarining ko'rgazma va yarmarkalari – Qozog'iston ta'limi kunlari o'tkaziladi. Ularda mahalliy konsalting kompaniyalari ko'magida Qozog'istonning 40 ga yaqin universitetlari vakillari qatnashadi.
Shuningdek, O'zbekiston va Qozog'iston oliy o'quv yurtlari o'rtasida 4 ta qo'shma ta'lim dasturi amalga oshirilyapti va ularda 188 nafar talaba tahsil olmoqda.
Bundan tashqari, ikki mamlakat Fanlar akademiyalari o'rtasida samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan. U an'anaviy tarzda ixtisoslashgan institutlar darajasida amalga oshiriladi. Davlat rahbarlari o'rtasidagi muloqotlarda ilm-fan, ta'lim, madaniyat, san'at, turizm, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga intilish qat'iy ta'kidlanadi.
So'nggi yillarda O'zbekiston va Qozog'istonda ko'plab madaniy-ma'rifiy tadbirlar – madaniyat va kino kunlari, sport musobaqalari o'tkazilayotganini ham alohida ta'kidlash kerak. O'zbekiston va Qozog'istonning ijodiy jamoalari ikki mamlakatda o'tkazilayotgan xalqaro tanlov, festival, yarmarka va ko'rgazmalarda muntazam ishtirok etmoqda.
2022-yilda O'zbekiston bo'ylab qozoq xalqining buyuk farzandi, ma'rifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va do'stlik kuychisi Abay Qo'nonboyev hayoti va ijodiga bag'ishlangan tadbirlar bo'lib o'tdi. 2022-yil dekabr oyida O'zbekistonga oliy darajadagi davlat tashrifi chog'ida ikki davlat rahbarlari buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri merosiga bag'ishlangan ko'rgazmani birgalikda tomosha qildilar.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, bunday tadbirlar yaqin do'stona rishtalarni mustahkamlash barobarida, ikki xalqning shonli o'tmishi va bugungi hayotiga o'zaro qiziqishni yaqqol namoyon etadi.
Ikki tomonlama hamkorlikning yana bir istiqbolli yo'nalishi – bu turizmdir. Davlatlarimizning geografik jihatdan yaqinligi, shuningdek, ulkan tarixiy-madaniy meros va sayyohlik imkoniyatlari mavjudligini inobatga olgan holda tomonlar yagona turizm brendini yaratish va sayyohlik klasterlarini tashkil etish masalasini ko'rib chiqmoqda.
2021-yil yanvar oyida O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasida o'zaro sayyohlik oqimini ko'paytirishni nazarda tutuvchi "Yo'l xaritasi" imzolandi. O'zaro sayyohlik oqimini ko'paytirish yo'nalishidagi ishlar samarasi o'laroq, mamlakatimizga kelayotgan qozog'istonlik turistlar soni izchil ortib borayapti. Xususan, qo'shni davlatdan yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni 2021-yildan buyon uch baravarga oshib, 1,3 millionga yetdi.
Muxtasar aytganda, O'zbekiston va Qozog'iston ko'p asrlik do'stlik, yaxshi qo'shnichilik, o'zaro ishonch va keng ko'lamli sheriklikni mustahkamlash tarafdori bo'lib kelgan. Prezident Qasim-Jomart Toqayevning mamlakatimizga bo'lajak tashrifi esa mavjud o'zaro manfaatli hamkorlik va konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirishga yangi sur'at bag'ishlaydi.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi