O'zbekiston-Xitoy: yangi imkoniyatlar yo'lidagi salohiyatlar sinergiyasi
Sentabr 02, 2025. 07:45 • 9 daq
• 216
TOSHKЕNT, 2-sentabr. /"Dunyo" AA/. 30-avgust kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga rasmiy tashrifi boshlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston mustaqillikka erishgach, Xitoy yangi davlatni birinchilardan bo'lib tan oldi. 1992-yil 2-yanvarda ikki davlat o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatildi va ushbu sana mamlakatlararo muloqotning izchil rivojlanishi yo'lida qo'yilgan ilk qadami bo'ldi.
O'ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi. 1991 yildan buyon ikki davlat rahbarlari o'rtasida 25 marta oliy darajadagi sammit o'tkazildi. O'zbekiston-Xitoy o'rtasida 2012-yil 6-iyunda strategik sheriklik, 2016-yilning 22-iyunda keng qamrovli strategik sheriklik, 2022-yil 15-sentabrda yangi davrda keng qamrovli strategik sheriklik va nihoyat, 2 yanvarda har qanday sharoitda keng qamrovli strategik hamkorlik munosabatlari o'rnatildi. Bu dinamika nafaqat ikki davlat o'rtasidagi ishonchning yuksakligini, balki tashqi siyosiy muhitda mustaqil hamkorlikning uzoq muddatli xarakterini ham ko'rsatadi.
Ikki davlat rahbarlari o'rtasida iliq, do'stona va ishonchli munosabatlar faol hamkorlik, konstruktiv muloqot va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil yanvar oyida Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi samarali uchrashuvlar va erishilgan kelishuvlarga boy tarzda o'tdi. Muzokaralar yakunlari bo'yicha ikki davlat rahbarlari Qo'shma bayonotni qabul qildilar va ikki tomonlama mustahkam hujjatlar to'plamini imzoladilar. Ushbu tashrif doirasida Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan va Umumxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo'mitasi raisi Chjao Letszi bilan ham uchrashuvlar bo'lib o'tdi. Osiyo infratuzilma sarmoyalari banki, CNPC va SITIC korporatsiyalari, Xitoy eksport-import banki rahbarlari bilan muzokaralar olib borildi. Shuningdek, kun tartibidan Guangdong provinsiyasi partiya qo'mitasi kotibi Xuan Kunmin, yirik biznes vakillari bilan uchrashuvlar, shuningdek, "Ipak yo'li" jamg'armasi, "SANY" va "CSG" kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazildi, muloqotlar chog'ida Jizzax viloyatida "BYD" rusumli gibrid va elektr avtomobillarini birgalikda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish masalalari ham o'rin oldi. Toshkent va Pekin xalqaro maydonda bir-birini, jumladan, global muammolarni hal etish tashabbuslarini izchil qo'llab-quvvatlab, milliy ustuvorlik va manfaatlarni hisobga olgan holda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lida faol hamkorlik qilmoqda.
O'zbekiston bilan Xitoyning xalqaro maydondagi diplomatik sherikligi ko'p tomonlama, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham faol rivojlanmoqda. Bugungi kunda rasmiy Toshkent va Pekin mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga birgalikda yordam berib, ushbu tuzilmaning asosiy ishtirokchilari sifatida ishtirok etmoqda.
Bo'lajak tashrif doirasida O'zbekiston Prezidenti SHHTning navbatdagi sammitida ishtirok etadi, unda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari o'rtasida mintaqaviy kun tartibi va hamkorlikni chuqurlashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi.
Ikki davlat rahbarlarining ishonchli muloqoti oliy va boshqa darajadagi munosabatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Bunga parlamentlararo hamkorlikning rivojlanish dinamikasini misol qilib keltirish mumkin. 2017-yilda O'zbekiston Oliy Majlisi va Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo'mitasi o'rtasida hamkorlik bo'yicha parlamentlararo guruh tuzilgani bu boradagi muhim qadam bo'ldi. O'shandan beri mazkur mexanizm tajriba almashish va qo'shma tashabbuslarni muvofiqlashtirish uchun samarali platformaga aylandi. Mazkur format doirasida muntazam ravishda onlayn uchrashuvlar o'tkazilib, ikki mamlakat parlament delegatsiyalari bir-birlari tomonidan tashkil etilgan xalqaro forumlarda ishtirok etib, o'zaro tashriflarni amalga oshirmoqda.
Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo'mitasi raisi Chjao Ledzi boshchiligidagi delegatsiya 2024-yil 6-9-iyul kunlari O'zbekistonga tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan edi. Ushbu tashrif nafaqat parlamentlararo muloqotning yuqori dinamikasini ta’minladi, balki umuman siyosiy hamkorlikni mustahkamlashga ham xizmat qildi.
Shu bilan birga, ikki tomonlama munosabatlarda ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi faol muloqot muhim o'rin tutadi. Tashqi ishlar vazirliklari darajasidagi muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o'zaro hamkorlikning asosiy yo'nalishlarini muvofiqlashtirish, kelgusidagi siyosiy va iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini belgilab olish, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar bo'yicha pozitsiyalarni kelishish imkonini beradi. Bu mexanizm, shuningdek, o'zaro ishonchni mustahkamlaydi va O'zbekiston-Xitoy munosabatlarining strategik darajada izchil rivojlanishini rag'batlantiradi. Bugungi kunga qadar siyosiy maslahatlashuvlarning 19-davrasi o'tkazildi, ularning so'nggisi 2025 yilning may oyida Pekinda bo'lib o'tdi.
Bundan tashqari, 2023 yil 21 noyabr kuni Pekinda ikki tomonlama diplomatik hamkorlikning yangi formati ishga tushirildi. Ya’ni O'zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari o'rtasida birinchi strategik muloqot bo'lib o'tdi.
Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi hamkorlik "Markaziy Osiyo – Xitoy" formati doirasida ham konstruktiv ruhda rivojlanmoqda. 2020 yildan buyon ushbu formatda tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining oltita uchrashuvi bo'lib o'tdi, ularning oxirgisi 2025-yil 26-aprel kuni Olmaota shahrida bo'lib o'tdi.
2024-yilning noyabr-dekabr oylarida Chendu shahrida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan bo'lib o'tgan uchrashuvida o'zaro viza talablaridan ozod qilish to'g'risida hukumatlararo bitim imzolandi.
2025-yilning 15-16 iyul kunlari SHHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisidagi ishtiroki doirasida O'zbekiston TIV rahbari Pekin shahrida Xitoy Raisi Si Szinpin tomonidan qabul qilindi va Tyanszin shahrida tashqi ishlar vaziri Van I bilan muzokaralar o'tkazdi.
O'zbekiston va Xitoy o'z iqtisodiyotlarining bir-birini to'ldiruvchi salohiyatiga, o'sishni jadallashtirish, kambag'allikni qisqartirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga tayanib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni ikki tomonlama munosabatlarning asosiy yo'nalishi deb biladi.
Bugungi kunda Xitoy O'zbekistonning yetakchi savdo va investitsiyaviy sheriklaridan biridir. O'zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil oshib bormoqda. 2017-2024-yillarda tovar ayirboshlash ko'rsatkichi 2,8 barobardan ortiq o'sib, 14 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Mamlakatimizda Xitoy investitsiyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 4 mingdan oshdi va joriy yil boshidan buyon 800 dan ortiq shunday korxonalar tashkil etildi.
Hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo'mitasi faoliyati ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishga samarali xizmat qilmoqda. 2023-yilda mazkur qo'mita tarkibida ijtimoiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning yana bir vositasi sifatida – kambag'allikni qisqartirish bo'yicha kichik qo'mita tashkil etildi. U kambag'allikni qisqartirish va barqaror tashabbuslarni amalga oshirish bo'yicha maqsadli ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni muhokama qilish va muvofiqlashtirish uchun platforma bo'lib, Xitoy tajribasini almashish va O'zbekiston hududlarini qo'llab-quvvatlash tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratadi.
O'zbekiston va Xitoy hududlararo hamkorligi ham yangi sur’at kasb etmoqda.
2024-yil 22-yanvar kuni Urumchi shahrida O'zbekiston va Xitoyning birinchi hududlararo forumi bo'lib o'tdi. Forumda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, hududiy hokimiyat va sanoat tashkilotlarining 1200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida B2B va G2B shaklidagi muzokaralari, shuningdek, O'zbekiston eksportchilarining mahsulotlari namoyish etilgan "Made in Uzbekistan" ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Forum yakunlari bo'yicha hududlar o'rtasida 27 ga yaqin hujjat imzolandi hamda ko'rgazma 30 ga yaqin shartnoma va bitimlar tuzish uchun muhim maydonga aylandi.
Ikkinchi hududlararo forum 2025-yil 1-2-iyun kunlari Samarqanddagi "Silk Road Samarkand" xalqaro sayyohlik majmuasida bo'lib o'tdi. Unda har ikki tomondan ishbilarmon doiralar, viloyat va markaziy hokimiyat organlari, fan va ta’lim sohalarining 2,8 mingdan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Bunday forumlar xitoylik investorlarning respublikamiz hududlaridagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlariga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Natijada, Sirdaryo viloyati Xitoyning ilg'or innovatsiyalar hududiga aylandi – bu yerda Xitoy modeli asosida innovatsion texnoparklar tashkil etilib, ular soddalashtirilgan bojxona rejimiga ega erkin iqtisodiy zonalar maqomini oladi. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun Xitoy Ipak yo'li jamg'armasi va boshqa institutlar bilan hamkorlikda investitsiya hajmi 1 milliard dollargacha bo'lgan O'zbekiston-Xitoy investitsiya jamg'armasi tashkil etilmoqda.
Shuningdek, Chirchiq shahridagi sanoat parkida Xitoy kompaniyalari ishtirokida "Ikki hudud – bir bog'" maxsus industrial zonasi yaratilyapti. Bu yerda birinchi ishlab chiqarish quvvati 2026 yilda ishga tushishi kutilmoqda. Umuman olganda, 2017-2024 yillarda O'zbekistonda o'zlashtirilgan Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi 24,6 milliard dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2025-yil so'nggiga qadar 15 milliard dollardan ortiq sarmoyalarni o'zlashtirish rejalashtirilgan.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik bugungi kunda tarixiy rishtalar va Ipak yo'li merosining mustahkam poydevori asosida rivojlanib bormoqda. Bu hamkorlik ta’lim, san’at, turizm va gumanitar almashinuv kabi keng yo'nalishlarni qamrab olgan bo'lib, ular ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik va do'stlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O'zbekistonda xitoy tili va madaniyatiga bo'lgan qiziqish juda yuqori. Ularni o'rganish va ommalashtirishda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Samarqand davlat chet tillari instituti muhim o'rin tutadi. Ushbu ta’lim muassasalarida Markaziy Osiyodagi ilk Konfutsiy institutlari faoliyat ko'rsatmoqda.
O'z navbatida, Xitoyda ham o'zbek tilini o'rganishga bo'lgan qiziqish tobora ortib borayapti. O'zbekistonda ko'plab xitoylik talabalar tahsil olmoqda, Xitoy universitetlarida esa o'zbek tili va adabiyotini o'qish kurslari ochilgan. Markaziy Millatlar universiteti (Pekin) va Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida o'zbek tili kafedralari faoliyat ko'rsatayapti.
Madaniyatlararo muloqot ham ikki mamlakatning madaniyat va san’at namoyondalari ishtirokidagi ko'plab ko'rgazmalar, konsertlar, festivallar va boshqa tadbirlar bilan boyib bormoqda.
2022 yil may oyida Sian shahrida 100 dan ortiq madaniy tadbirlar o'tkazilgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" birinchi sammiti doirasida "Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili" rasman e’lon qilindi.
2023 yil sentyabr oyida Xanchjou shahridagi Xitoy milliy ipak muzeyida "Rangli Osiyo: Osiyo liboslari ko'rgazmasi" doirasida "O'zbekiston kechasi" tadbiri o'tkazildi.
Joriy yilning avgust oyida Xitoy Milliy muzeyida ochilgan SHHTga a’zo davlatlar milliy muzeylari kolleksiyasi ko'rgazmasida O'zbekistonning eng ko'p eksponatlar bilan ishtirok etishi madaniyatlararo almashinuvdagi yana bir muhim voqea bo'ldi.
Madaniy hamkorlikning muhim jihati turizmni rivojlantirishdir. Joriy yilning may oyida Pekin shahrida mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi tomonidan O'zbekistonning turizm va madaniy salohiyatiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Tadbir Xitoy fuqarolari uchun O'zbekistonga 30 kungacha bo'lgan muddatga vizasiz rejim joriy etilishi munosabati bilan o'tkazildi. Bu qadam madaniyatlararo muloqotni faollashtirish, sayyohlar almashinuvini oshirish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun muhim turtki bo'ldi.
Albatta, O'zbekiston-Xitoy keng qamrovli hamkorligining barcha yo'nalishlari va yutuqlarini, ayniqsa, keyingi yillardagi yaqin sheriklik munosabatlarini bir maqolada batafsil tahlil qilish imkonsiz. Shunga qaramay, keltirilgan ishonchli ma’lumotlar ikki tomonlama munosabatlar misli ko'rilmagan ishonch va o'zaro anglashuv darajasiga ko'tarilganidan, tomonlar ularni bundan keyin ham takomillashtirish va mustahkamlashga intilayotganidan dalolat beradi. O'zbekiston va Xitoy xalqlari an’anaviy tarzda muloqot va hamkorlikka ochiq bo'lib, bu yangi qo'shma tashabbuslar uchun mustahkam zamin yaratayotir.
Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davom etayotgan rasmiy tashrifi strategik sheriklikni chuqurlashtirish, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, gumanitar aloqalarni mustahkamlash, XXI asrda hamkorlikning yanada keng istiqbollarini ochish yo'lidagi navbatdagi qadam bo'lishi shubhasiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Madriddan munosabat: “Yangi Toshkent” megaloyihasi Markaziy Osiyo taraqqiyotining yangi bosqichi ramziga aylanmoqda

Pekindan munosabat: Boku forumida O‘zbekistonning barqaror shaharsozlik siyosati yuqori baholandi


