O'zbekiston–Xitoy: uzoq asrlarga taqaladigan o'zaro bog'liqlik zamonaviy hamkorlikning muvaffaqiyatli omili
Yanvar 20, 2024. 08:26 • 8 daq
• 1830
TOSHKЕNT, 20-yanvar. /«Dunyo» AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-25-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Xitoyda bo'ladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

O'zbekiston–Xitoy hamkorligining zamonaviy bosqichi 1992 yil 2 yanvarda, O'zbekiston mustaqillikka erishgach, xalqaro hamjamiyatning to'la huquqli a’zosi sifatida Xitoy Xalq Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o'rnatgan onlardan boshlandi.
Ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarning tarixiy ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi va bugungi kunda hozirgi bosqichda samarali, o'zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilmoqda. Mintaqalarni bog'lab turgan, o'zaro hamkorlik va madaniy almashinuvga turtki bo'lgan qadimiy Ipak yo'li bugungi kunda yangicha ahamiyat kasb etib, o'z navbatida mamlakatlar va xalqlar o'rtasida iqtisodiy, madaniy va gumanitar ko'prik bo'lib xizmat qilishni davom etmoqda.
Bugungi kunda O'zbekiston va Xitoyning xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, global xavfsizlik va taraqqiyotni ta’minlash bo'yicha pozitsiya va yondashuvlari o'xshash. Xitoy O'zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo'lini, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlab kelmoqda.
Ikki davlat BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, «Markaziy Osiyo-Xitoy» formati va boshqa ko'p tomonlama xalqaro tuzilmalar doirasida ham yaqin aloqalarni mustahkamlagan holda umumiy manfaatlarni himoya qilib, butun dunyoda xavfsizlik va taraqqiyotga erishishga ijobiy hissa qo'shmoqda. Shu o'rinda ta’kidlab o'tish joizki, O'zbekiston va Xitoy SHHTni tashkil etishda faol qatnashgan va ikki tomonlarning ilgari surilgan tashabbus va takliflarni amalga oshirishda har doim bir-birini qo'llab-quvvatlab kelayapti.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning zamonaviy rivojlanishida davlatlarimiz rahbarlari o'rtasida o'rnatilgan ishonchli va yaqin do'stona muloqot muhim rol o'ynamoqda.
So'nggi yetti yilda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va XXR Raisi Si Szinpin ko'p tomonlama sammitlarda uchrashdilar, ikki mamlakat rahbarlarining o'zaro davlat, rasmiy va amaliy tashriflari bo'lib o'tdi, qator telefon muloqotlari amalga oshirildi.
XXR Raisi Si Szinpinning 2022 yil sentyabrdagi O'zbekistonga tashrifi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil va 2023 yil may oylarida Xitoyga buyurgan davlat tashriflari ikki tomonlama munosabatlar rivojida kuchli turtki bo'ldi.
Yuqori darajadagi o'zaro aloqalar ham hamkorlikning dinamikasi va barqarorligi bilan ajralib turibdi. Parlamentlararo hamkorlik faollashdi. 2017 yil may oyida Oliy Majlis va Butunxitoy xalq vakillari kengashi o'rtasida hamkorlik bo'yicha parlamentlararo guruh tuzildi. Samarali parlamentlararo muloqot davom etmoqda, parlament delegatsiyalarining o'zaro tashriflari almashilyapti.
2019 yilda hukumatlararo almashinuvi doirasida Bosh vazir Abdulla Aripovning Xitoyga va XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyanning O'zbekistonga rasmiy tashriflari, shuningdek, 2021 yil iyun oyida hukumat rahbarlarining onlayn uchrashuvi bo'lib o'tdi. 2022 yil avgustda esa Hamkorlik bo'yicha O'zbekiston–Xitoy Hukumatlararo qo'mitasining 6-majlisi onlayn tarzda tashkil etildi.
2023 yil oktyabr oyida Bosh vazir Abdulla Aripov XIX Osiyo o'yinlarining yopilish marosimida ishtirok etish uchun Xitoyga tashrif buyurdi va XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashdi.
Tashqi ishlar vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmi yaratilgan va u muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ushbu formatda jami 17 davra uchrashuvlari o'tkazildi. «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati doirasida ham tashqi siyosat idoralari rahbarlari o'rtasida samarali muloqot yo'lga qo'yilgan.
2023 yil noyabr oyida Pekinda ikki davlat TIV rahbarlarining birinchi Strategik muloqoti bo'lib o'tdi. Mazkur tadbir doirasida Guanchjou shahrida biznes-forum va Shanxayda ikki davlat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida davra suhbati o'tkazildi.
Bugungi kunda Xitoy O'zbekistonning eng yirik iqtisodiy va savdo sherigi hisoblanadi. 2023 yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12,2 milliard dollarni tashkil etib, o'tgan yilgi ko'rsatkichdan 34 foizga oshdi.
2011 yildan buyon Hamkorlik bo'yicha O'zbekiston–Xitoy Hukumatlararo qo'mitasi doirasida tomonlar rivojlanish masalalari va amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qilib kelmoqda.
Qayd etish kerakki, Xitoy O'zbekistondagi eng yirik sarmoyadorlardan biridir. 2017-2022 yillarda Xitoy sarmoyalarining o'zlashtirilgan umumiy hajmi salkam 11 milliard dollarga teng bo'ldi. To'g'ridan to'g'ri Xitoy sarmoyalari bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining ko'plab tarmoqlarida, jumladan, kimyo sanoati, neft-gaz sektori, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, yengil sanoat va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. Respublikamizda yirik sarmoyaviy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan Xitoy kompaniyalari soni muttasil ortib borayotir. Bugungi kunda O'zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida 2 ming 125 korxona faoliyat yurityapti. Xususan, 2023 yilda Xitoy kapitali ishtirokida 601 ta yangi korxona tashkil etilgan.
Ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo'nalishdan biri – bu kambag'allikni qisqartirish sohasidagi o'zaro hamkorlikdir. Mazkur jabhada O'zbekiston tomoni Xitoy Qishloq xo'jaligi va qishloq ishlari vazirligi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatgan. Dekabr oyi oxirida Hamkorlik bo'yicha O'zbekiston–Xitoy Hukumatlararo qo'mitasi doirasida Kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha quyi qo'mitaning birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'tgan yilning aprel oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog'ida Sirdaryo sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo'jaligi, ta’lim va tibbiyot sohalarida «ilg'or innovatsiyalar hududi»ga aylanishi kerakligini ta’kidlagan edi. Bu jarayonda sanoat, qishloq xo'jaligi, ta’lim va tibbiyot sohalarida misli ko'rilmagan yutuqlarga erishgan Xitoyning katta tajribasidan foydalanish taklif etilmoqda.
Shu munosabat bilan 2023 yil iyun oyida Guliston shahrida Xitoyning «Xuavey», «TiBiIEy», «SiSiSeven» va boshqa yetakchi kompaniyalarining 250 nafar vakillari ishtirokida «Sirdaryo–Xitoy» biznes-forumi bo'lib o'tdi. Forum yakunlari bo'yicha umumiy qiymati 322 million dollarlik 30 ga yaqin bitimlar imzolandi.
Xitoy–O'zbekiston hamkorligining asosiy yo'nalishlaridan yana biri transport-kommunikatsiya sohasidir. U O'zbekistonning o'zini «dengizga chiqmaydigan mamlakat»dan «quruqlik bilan bog'langan mamlakat»ga aylantirish manfaatlariga, shuningdek, Xitoyning «Bir makon, bir yo'l» tashabbusi konsepsiyasiga to'liq javob beradi.
Mazkur tashabbus doirasida O'zbekistonda xitoylik hamkorlar ishtirokida mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyodagi eng uzun tunnelga ega bo'lgan «Angren–Pop» temir yo'l liniyasi qurildi. «Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston» transport yo'lagi tog'larni kesib o'tuvchi xalqaro arteriyaga aylanib bormoqda. «Markaziy Osiyo – Xitoy» gaz quvurining to'rtta yo'nalishi ham O'zbekiston hududidan o'tib, qo'shni davlatlar o'rtasidagi do'stona munosabatlar uchun namuna bo'lmoqda.
Mintaqalarimizni asrlar davomida bog'lab turgan Buyuk ipak yo'li Sharq va G'arb o'rtasida tinchlik, hamkorlik va ochiqlik ramzi bo'lib, o'zaro savdo, madaniy va ilmiy almashinuvga xizmat qilgan. Qadim zamonlardan beri mazkur yo'l orqali O'zbekiston va Xitoy o'zaro do'stlik va madaniy aloqalarni davom ettirib kelayapti.
Bugun O'zbekiston yoshlari xitoy tilini o'rganishga katta qiziqish bildiryapti, o'z navbatida xitoyliklarning ham o'zbek tilini o'rganishga ishtiyoqi baland. Ushbu omillar o'zaro bilim almashinuvi va madaniy aloqalarni rag'batlantiradi. Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutida tashkil etilgan Konfutsiy institutlari Xitoy madaniyati va tilini o'rganishning asosiy markazlariga aylandi, desak hech mubolag'a bo'lmaydi.
Xitoyda o'zbek tilini o'rganishga qiziqish kuchayib, Markaziy Millatlar universiteti va Pekin xorijiy tillar universiteti, Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti kabi ta’lim muassasalarida muvaffaqiyatli o'qitilmoqda. Shuningdek, mamlakatdagi nufuzli ta’lim muassasalaridan birida Xitoyda ixtisoslashtirilgan o'zbek tili kafedrasi mavjud. Bu qiziqish O'zbekistondagi oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan xitoylik talabalar soni ortib borayotganida va ikki davlat o'rtasida bilim almashish va madaniy aloqalarni rivojlantirishda yaqqol namoyon bo'layapti.
1998 yilda tashkil etilgan «O'zbekiston – Xitoy» do'stlik jamiyati ham o'zbek va xitoy xalqlari o'rtasidagi do'stlik va hamkorlikni mustahkamlashga samarali hissa qo'shayotir.
2022 yil 18 may kuni Sian shahrida «Markaziy Osiyo – Xitoy» birinchi sammiti doirasida «Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yili»ning rasmiy tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Joriy yil doirasida qator madaniy tadbirlar, konsert va festivallar, ko'rgazmalar, gastrol almashinuvi va o'zbek madaniyatining taqdimotlari uyushtirildi.
2023 yil may oyida Pekindagi «Beijing Opera House»da Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri orkestri jamoasining konserti bo'lib o'tdi. 2023 yil sentyabr oyida O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xitoyning Gansu provinsiyasining Dunxuan shahrida bo'lib o'tgan «Ipak yo'li» VI xalqaro EXPO ko'rgazmasida qatnashdi.
2023 yil sentyabr oyida Pekindagi «Gugun» imperator saroyi muzeyida «Arxeologik hamkorlik – Bir makon, bir yo'l» ko'rgazmasi ochildi. Unda O'zbekiston tarixiy merosi «Oltin fondi»dan o'rin olgan 18 ta eksponat namoyish etildi.
O'z navbatida, 2023 yil oktyabr oyida madaniyat va turizm vazirining O'zbekistonga tashrifi doirasida «Xitoy madaniyati kunlari» bo'lib o'tdi.
2023 yil 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari Xanchjou shahrida o'tkazilgan XIX Osiyo o'yinlarida O'zbekistondan 380 nafardan ziyod atlet sportning 39 turida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Umumjamoa hisobida O'zbekiston 22 oltin, 18 kumush va 31 bronza medallari qo'lga kiritib 5-o'rinni egalladi.
Iqtisodiy aloqalarning kengayishi Xitoyda O'zbekistonga, uning tarixi va an’analariga bo'lgan qiziqishning oshishiga ham xizmat qilmoqda. Xususan, joriy yilda mamlakatimizga 40 mingdan ziyod xitoylik sayyoh kelgani shundan darak beradi.
Bir so'z bilan aytganda, bugun O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi sheriklik va hamkorlik sifat jihatidan yangi pog'onaga ko'tarildi. Xitoyning ingliz tilida bosiladigan nufuzli «Global Times» gazetasi yozganidek, 2023 yil Xitoy va O'zbekiston munosabatlari tarixida muhim davr bo'ldi. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbarining Xitoyga bo'lajak davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikdagi muvaffaqiyat va yutuqlarni mustahkamlaydi, shuningdek, ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo'lida samarali hamkorlikning keyingi yangi istiqbollarini ochishga xizmat qiladi.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi