Logo

Xitoydan munosabat: Markaziy Osiyo qayta uyg'onish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda

Noyabr 19, 2025. 14:04 • 4 daq

165
Xitoydan munosabat: Markaziy Osiyo qayta uyg'onish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda

PEKIN, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. Xitoylik ekspertlar "Dunyo" AA uchun Toshkentda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvining ahamiyati haqida fikr bildirdi:

"Markaziy Osiyo – Xitoy" formati Kotibiyati Bosh kotibi Sun Veydun:

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmi mintaqa mamlakatlari uchun birdamlikni mustahkamlash, turli sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish va ustuvor mintaqaviy kun tartibini ilgari surishni muvofiqlashtirish uchun muhim maydondir.

O'zbekiston xalqi va hukumatini ushbu uchrashuvning muvaffaqiyatli o'tkazilgani va barcha mamlakatlarning birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli erishilgan muhim natijalar bilan tabriklayman!

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamkorlik mexanizmlari va huquqiy asoslarini takomillashtirish, iqtisodiy, savdo va investitsiyaviy hamkorlik darajasini oshirish, mintaqaviy infratuzilma va transport-logistika salohiyatini muvofiqlashtirilgan holda rivojlantirishga ko'maklashish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, ekologiya, iqlim va suv muammolarini hal etish bo'yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

O'zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo qayta tiklanish uchun tarixiy imkoniyat ochayotganini ta'kidladi. U o'z nutqida xalqaro hamjamiyatga Markaziy Osiyoning turli sohalardagi rivojlanish yutuqlari va kelajakdagi salohiyatini, shuningdek, mintaqaning tinchlik va barqarorlikni saqlash, umumiy taraqqiyotga erishish va muammolarni hal qilishda hamjihatlik bilan hamkorlik qilishga bo'lgan qat'iy qarorini namoyish etdi.

Mazkur ko'p tomonlama hamkorlik tashabbuslari va ular bilan bog'liq chora-tadbirlar hozirgi kunga va kelajakka qaratilgan bo'lib, Markaziy Osiyoning yaqin 10-20 yillik rivojlanish yo'nalishini belgilab beradi.

Ayni paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni jadallashtirmoqda, turli sohalardagi o'zaro manfaatli hamkorlik faol sur'atlarni namoyon etib, rivojlanishning tobora kuchayib borayotganini ko'rsatmoqda. Ishonchim komilki, Markaziy Osiyoning yana-da gullab-yashnashi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam iqtisodiy asos yarata oldi.

Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq muddatli taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy xavfsizlik masalalariga katta e'tibor qaratib, Markaziy Osiyoning energetika, transport va boshqa sohalarini rivojlantirish doirasida Afg'onistonni jalb etish tarafdori ekanini ta'kidladi. Ushbu takliflar konstruktiv bo'lib, Afg'onistonning mustaqil rivojlanish salohiyatini mustahkamlashga, mintaqada tinchlik va osoyishtalikka hissa qo'shishga yordam beradi.

O'zbekiston mintaqaviy va xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etib, uning nufuzi oshib bormoqda. Mintaqaviy integratsiya tezlashgani sari Markaziy Osiyo global o'zgarishlarda muhim ko'prikka aylanishi mintaqa mamlakatlarining rivojlanishdagi umumiy manfaatlariga javob beradi va "Xitoy - Markaziy Osiyo" formatidagi hamkorlikning chuqurlashishiga xizmat qiladi.

O'tgan oyda Xitoy o'n besh yillik reja loyihasini qabul qildi va unda ochiqlikni yuqori darajada kengaytirish va o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi manzarasini yaratishda davom etishi to'g'ridan-to'g'ri qayd etilgan. Bu esa Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida, ayniqsa, savdo, investitsiyalar, energetika, transport, raqamli iqtisodiyot, sun'iy intellekt, "yashil" taraqqiyot kabi sohalarda har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yana-da keng imkoniyatlar ochadi.

Bugungi kunda mintaqaviy hamkorlikning asosiy yo'nalishlari bir-biriga mos kelib, katta salohiyat va keng istiqbollarga ega. Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari "Xitoy - Markaziy Osiyo" ikkinchi sammiti yakunlarini erishilgan konsensusni faol amalga oshirmoqda. Mamlakatlarimiz yuqori sifatli taraqqiyot orqali umumiy modernizatsiya sari boradi va umumiy taqdirga ega yana-da yaqin hamjamiyatni birgalikda barpo etadi.

Xitoy Xalq universiteti Milliy taraqqiyot va strategiya akademiyasi vitse-prezidenti Lyu Syaoguan:

- Markaziy Osiyo izchillik bilan samarali hamkorlik maydonini shakllantirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkent uchrashuvi mintaqaviy jarayonlarning institutsional asosini mustahkamlaydi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari platformalarining shakllanishi ularning birgalikda rivojlanish imkoniyatlarini kuchaytiradi. Mintaqa o'sib borayotgan yetuklikni namoyon etmoqda, infratuzilma yo'nalishlari, savdo zanjirlari va energetika loyihalari uchun zarur bo'lgan barqarorlik asoslari mustahkamlanmoqda.

Xitoy Xalq universiteti professori U Yuychjan:

- Markaziy Osiyo mintaqaviy formatining mustahkamlanishi mintaqa mamlakatlarining strategik ustuvor yo'nalishlarni birgalikda belgilash qobiliyatini oshiradi. Toshkent uchrashuvi davlatlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning ishonchli xususiyatini kuchaytirmoqda, bu esa tashqi hamkorlar uchun ijobiy signal sifatida baholanmoqda. Barqaror maslahatlashuv mexanizmining mavjudligi transport yo'laklari, energetika yo'nalishlari va investitsiya loyihalari xavfsizligiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

Xitoy Xalq universiteti huzuridagi Chunyanning moliyaviy tadqiqotlar instituti eksperti Fen Yuszyun:

Maslahat uchrashuvlarining izchilligi mintaqaviy hamkorlikda yangi sur'at yaratmoqda. Toshkent uchrashuvi o'zaro ishonchni mustahkamlaydi va Markaziy Osiyo tashabbuslarini Xitoyning barqaror rivojlanish va transmintaqaviy bog'liqlik dasturlari bilan uyg'unlashtirish imkoniyatlarini kuchaytiradi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi barqaror hamkorlik esa Xitoy bilan yana-da chuqur strategik muloqot uchun sharoit yaratmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish