Ashxobodda O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi
Iyun 28, 2025. 12:34 • 2 daq
• 105
ASHXOBOD, 28-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshanbek Alimovning Turkmaniston ta'lim vaziri Jumamurat Gurbangeldiyev bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot davomida ikki qardosh mamlakat o'rtasidagi ta'lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Turkman tomoni ta'lim sohasida erishilgan yutuqlar, jumladan, raqamli va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ta'lim infratuzilmasini modernizatsiya qilish va milliy oliygohlarning xalqaro nufuzini oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Ikki qardosh davlat o'rtasida ta'lim va fan sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari sifatida oliy ta'lim muassasalari o'rtasida aloqalarni kengaytirish, talabalar va professor-o'qituvchilar almashinuvini faollashtirish, qo'shma ta'lim dasturlarini tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi.
Tomonlar rektorlar forumlari va yosh olimlar konferensiyalarini o'tkazish, startap-inkubatorlar tashkil etish, talabalar va yosh mutaxassislar ishtirokida xakatonlar o'tkazish, raqamli ta'lim platformalariga o'zaro kirish imkonini yaratish tashabbuslarini qo'llab-quvvatladilar.
Muloqot chog'ida muhim voqealardan biri sifatida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Turkmaniston qishloq xo'jaligi universiteti o'rtasidagi yozgi o'quv amaliyoti doirasida talabalar almashinuvi tashkil etilganligi qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda maktab o'quvchilari va talabalarning xalqaro olimpiadalarda ishtirokini rag'batlantirish masalalariga to'xtalib o'tildi. 2025-yil aprel oyida Ashxobodda o'tkazilgan Xalqaro matematika olimpiadasida o'zbekistonlik o'quvchilarning muvaffaqiyatli ishtiroki mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turkman tomoni O'zbekiston ta'lim va fan muassasalari vakillarini 2025-yil oktabr oyida Ashxobodda o'tkaziladigan ta'lim sohasiga bag'ishlangan xalqaro ko'rgazma va ilmiy anjumanda ishtirok etishga taklif etdi.
Mamlakatimiz, elchisi o'z navbatida Turkmanistonda O'zbekiston universitetlari ko'rgazmasini tashkil etish tashabbusi ilgari surdi.
Bo'lib o'tgan uchrashuv ikki qardosh mamlakat o'rtasidagi azaliy do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugungi kunda qo'shma ta'lim loyihalari orqali yangi mazmun bilan boyib borayotganligini yana bir bor tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan atalgan shohko‘cha ochildi
ADPI pedagoglari Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi