Baxromjon A'loyev: Markaziy Osiyo barqarorlik va barqaror rivojlanish makoni bo'lib qolmoqda
Avgust 14, 2025. 14:01 • 3 daq
• 511
TOSHKENT, 14-avgust. /"Dunyo" AA/. Toshkentda "Markaziy Osiyo – ishonch, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning umumiy makoni" mavzusida VIII Markaziy Osiyo ekspertlar forumi (MOEF) bo'lib o'tmoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Forumda tabrik so'zi bilan chiqish qilar ekan, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri birinchi o'rinbosari Baxromjon A'loyev mazkur Markaziy Osiyo ekspertlar maydonchasi mintaqa davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari doirasida yaratilgan ilk besh tomonlama format ekanini, birinchi yig'ilish aynan 2018 yilda shu yerda, Toshkentda o'tkazilganini ta'kidladi.
— O'tgan vaqt mobaynida mazkur maydoncha mintaqaviy kun tartibining asosiy masalalari yuzasidan fikr almashish va takliflar ishlab chiqish uchun nufuzli platforma sifatida e'tirof etildi, — dedi u. — Qo'shma sa'y-harakatlar tufayli o'zaro ishonchni mustahkamlash, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va barcha sohalardagi asosiy loyihalarni ilgari surishda jiddiy yutuqlarga erishildi.
Joriy forumning asosiy vazifasi – shu yil noyabr oyida Toshkentda bo'lib o'tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvi kun tartibini amaliy takliflar bilan boyitish ekanini ta'kidlar ekan, Baxromjon A'loyev bu yil mintaqaviy hamkorlik kontekstidagi eng muhim voqealardan biri uchun tayyorgarlik jarayonining yakuniy bosqichiga yaqinlashilganini bildirdi.
U qayd etdiki, maslahat uchrashuvlari tashkil etilganidan beri qisqa vaqt ichida amaliy hamkorlikning tizimli mexanizmlari yaratildi. Funksional me'yoriy-huquqiy baza shakllandi, sohaviy idoralararo formatlar tashkil etildi, Milliy koordinatorlar instituti ta'sis etildi. O'zaro munosabatlarning uzoq muddatli ustuvor yo'nalishlarini belgilaydigan qator qo'shma shartnomalar, yo'l xaritalari, konsepsiyalar qabul qilindi. Amalda barcha darajalarda samarali hamkorlikning yangi tartibi joriy etildi, bu esa zamonaviy murakkab chaqiriqlarga birgalikda javob qaytarish imkonini berdi. Barcha bu ishlar mintaqaviy hamkorlikning ko'p qirrali tizimli arxitekturasini yaratdi.
— Dunyoda vaziyat tobora ziddiyatli va bashorat qilib bo'lmas holatga aylanayotgan bir sharoitda Markaziy Osiyo barqarorlik va barqaror rivojlanish makoni bo'lib qolmoqda, — dedi u. — Bugun mintaqa o'ziga xos ovozi, kelajak haqidagi qarashi va konstruktiv hamkorlik modeliga ega bo'lgan yagona siyosiy subyekt sifatida namoyon bo'lmoqda.
So'nggi yillarda «Markaziy Osiyo plyus» muloqot maydonlari orqali xalqaro aloqalarning kengaygani, ular soni uchtadan o'n birtaga yetgani, ko'pgina yig'ilishlar davlat rahbarlari darajasida o'tkazilayotgani qayd etildi. Bu universal format ishtirokchi davlatlar 80 milliondan ortiq aholisini birlashtirdi, ularning birgalikda rivojlanish istagiga javob bo'ldi.
Diplomat ma'lum qilishicha, O'zbekistonning maslahat uchrashuvlarida raisligi doirasida 20 dan ziyod tadbir o'tkazish rejalashtirilgan. Siyosiy birdamlik va barqaror rivojlanish uchun muhim bo'lgan asosiy sohaviy masalalarga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Joriy yil boshidan beri 10 dan ziyod yirik tadbirlar o'tkazildi. Ular orasida xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, energetika, suv resurslari va ekologiya, sanoat vazirlari yig'ilishlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va yoshlar bo'yicha forumlar bor.
Tashqi ishlar vaziri birinchi o'rinbosari ta'kidladiki, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi ko'p jihatdan ekspertlik hamrohligi va strategik rejalashtirish sifatini oshirishga bog'liq.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan atalgan shohko‘cha ochildi
ADPI pedagoglari Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi