Logo

O'zbek va turkman kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan "Maxtumquli Firog'iy " filmi Londondagi kinofestivalda xalqaro mukofotga sazovor bo'ldi

Iyun 06, 2025. 07:50 • 2 daq

147
O'zbek va turkman kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan "Maxtumquli Firog'iy " filmi Londondagi kinofestivalda xalqaro mukofotga sazovor bo'ldi

ASHXOBOD, 6-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston va Turkmaniston kinoijodkorlari hamkorligida suratga olingan "Maxtumquli Firog'iy " badiiy filmi London shahrida bo'lib o'tgan xalqaro Yevroosiyo ijodiy kinogildiyasi ("ECG Film Festival – 2025") festivalida "Tomoshabinlar e'tirofi" nominatsiyasida g'olib bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur film XVIII asrda yashab o'tgan buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog'iy hayoti va ijodiga bag'ishlangan. Kinoda shoirning milliy uyg'onishga intilishi, yurtiga bo'lgan muhabbati va tinchlikparvar g'oyalari aks ettirilgan.

Loyiha O'zbekiston Kinematografiya agentligi va "Turkmanfilm" kinostudiyalari hamkorligida amalga oshirildi. Rejissyorlar, aktyorlar va ijodiy jamoa ham O'zbekiston, ham Turkmaniston vakillaridan iborat bo'lib, bu filmning madaniy muloqot va birodarlik ramzi sifatidagi mavqeina yanada oshirdi.

Hakamlar hay'ati va tomoshabinlar, filmdagi yuksak tasviriy mahorat, tarixiy voqelikni ifoda etuvchi dekoratsiyalar hamda aktyorlarning ta'sirchan ijrosini alohida e'tirof etdilar.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, "Maxtumquli Firog'iy" filmi – bu shunchaki badiiy asar emas, u xalqlarni birlashtiruvchi, erkinlik, qadr-qimmat va insoniylikning abadiy qadriyatlarini tarannum etuvchi madaniy ko'prikdir.

"Tomoshabinlar e'tirofi" mukofotining qo'lga kiritilishi esa Markaziy Osiyo kinoijodkorlarining mahoratiga berilgan yuksak bahodir.

Yevroosiyo ijodiy gildiyasi tomonidan tashkil etiladigan kinofestival har yili 20 dan ortiq mamlakat kinoijodkorlarini birlashtirib, Yevroosiyo kinosini targ'ib qilish uchun o'ziga xos maydoni bo'lib xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish