Logo

"Ostona–Turkiston–Samarqand" yo'nalishida yangi aviaqatnovlar yo'lga qo'yildi

May 02, 2025. 14:36 • 2 daq

136
"Ostona–Turkiston–Samarqand" yo'nalishida yangi aviaqatnovlar yo'lga qo'yildi

OSTONA, 2-may. "Dunyo" AA/. "Ostona-Turkiston-Samarqand" yo'nalishida yangi muntazam aviaqatnovlar yo'lga qo'yildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

  Ostona shahri xalqaro aeroportida mazkur yo'nalishning ochilishiga bag'ishlangan tantanali marosimi bo'lib o'tdi. Unda ikki mamlakat rasmiy va biznes vakillari va xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

Yangi reys Turkiston shahri orqali amalga oshiriladi va yo'lovchilar uchun qulay tranzit hamda ziyoratchilar uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratadi. Mazkur qatnovning yo'lga qo'yilishi bilan Qozog'iston va O'zbekiston o'rtasidagi aviaqatnovlar soni 44 taga yetdi.

Havo qatnovlari haftasiga ikki marta – payshanba va yakshanba kunlari "De Havilland Dash 8-Q400" samolyotida amalga oshiriladi. Turkiston shahridagi tranzit bekati taxminan 40 daqiqa davom etadi, shundan so'ng yo'lovchilar aynan shu samolyotda Samarqandga uchib ketadilar.

 "QAZAQ AIR" aviakompaniyasi kengash raisi Endryu Koenning ta'kidlashicha, ushbu yangi yo'nalish mintaqaviy turizm va madaniy aloqalarning rivojiga sezilarli hissa qo'shadi. Mazkur parvozlar orqali Qozog'iston va O'zbekistonning ikki buyuk madaniy markazi havo yo'li bilan bog'lanib, qo'shni mamlakatlar o'rtasidagi sayyohlik almashinuvi yana-da faollashadi.

"Biz Samarqand kabi tarixiy shaharga qatnovni yo'lga qo'yganimizdan mamnunmiz. Ushbu reys nafaqat turizm salohiyatini oshiradi, balki qardosh xalqlarimizning o'zaro do'stona munosabatlarini yana-da mustahkamlaydi," dedi "QAZAQ AIR" boshqaruvchi direktori Adilbek Umaraliyev.

Eslatib o'tamiz, 2024-yilda Qozog'istondan O'zbekistonga kelgan turistlar soni 2,8 million kishini tashkil etdi. Joriy yilda ushbu ko'rsatkich 3 million kishini tashkil qilishi kutilmoqda. Aviaqatnovlar, shuningdek, Qozog'istonning tarixiy Turkiston va Buyuk ipak yo'lining gavhari sanalgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini bog'lash hisobiga ziyorat turizm ko'rsatkichlarini keskin oshirishga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish