Logo

O'mon poytaxtida Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag'ishlangan adabiy-ma'rifiy kecha o'tkazildi

May 26, 2025. 12:01 • 3 daq

98
O'mon poytaxtida Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag'ishlangan adabiy-ma'rifiy kecha o'tkazildi

MASKAT, 26-may. /"Dunyo" AA/. O'mon poytaxti Maskat shahrida Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag'ishlangan adabiy-ma'rifiy kecha bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Adabiy tadbir O'zbekiston elchixonasi tomonidan O'mondagi ayol kitobxonlar jamiyati – "Baytul qiroa" bilan birgalikda tashkil etildi.

"Baytul qiroa" O'mon madaniyat, sport va yoshlar vazirligi qoshida ro'yxatdan o'tgan jamoat tashkiloti hisoblanadi. Jamiyat sultonlikdagi turli kasb vakillaridan iborat ziyoli ayollarni birlashtiradi.

Tadbirda misrlik olim Axmad Muso va o'zbekistonlik sharqshunos olim Bahodir Pirmuhamedov qalamiga mansub, arab tilidagi "Mahmudxo'ja Behbudiy" asarining mazmun-mohiyati, Behbudiyning hayot yo'li, jadidchilik faoliyati batafsil muhokama qilindi.

Ishtirokchilar o'z ma'ruzalarida ushbu kitob haqidagi, Behbudiy hayoti va faoliyati xususidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdilar. Mahmudxo'ja Behbudiyning ilm o'rganish orqali o'sha davrdagi o'zbek jamiyatini isloh qilishga, uni rivojlantirishga qaratilgan g'oyalari, allomaning ilm, san'at rivoji yo'lidagi sa'y-harakatlari alohida urg'ulandi.

Ulug' ajdodimiz qalamiga mansub va 1914-yilda "Turon" teatrida sahnalashtirilgan "Padarkush" pyesasi tadbirning asosiy mavzusi bo'ldi. 

O'zbekiston diplomatlari o'z chiqishlarida, jahon ilm-fani rivojiga katta hissa qo'shgan buyuk ajdodlarimiz merosini asrab avaylash, xususan ma'rifatparvar o'zbek jadidlari xotirasini tiklash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida so'zlab berdilar.

O'zbekiston Prezidentining "Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to'g'risida"gi qarorida belgilangan vazifalar alohida qayd etildi. Shuningdek, O'zbekiston-O'mon munosabatlarining madaniy-ma'rifiy, adabiy yo'nalishdagi holati hamda istiqbollariga to'xtalib o'tildi.

Anjuman yakunida Behbudiy merosiga bag'ishlangan alohida kechani O'zbekistonda, u tug'ilib o'sgan shahar Samarqandda tashkil etishga kelishib olindi.

Rahma al-Vuhayb tadbir ishtirokchisi:

 – Mahmudxo'ja Behbudiy millatparvar inson edi. U doimo millat birligi, jamiyat va dinlar o'rtasida hamjihatlikka da'vat qilgan hamda Vatan ravnaqi uchun barcha kuchlarni birlashtirish tarafdori bo'lgan.

Biroq uning sadoqati va oliy janobligiga qaramasdan, zulm va tuhmat qo'llari unga ham yetib bordi. U nohaq ravishda zolimlar tomonidan, adolatsizlik bilan qatl etildi.

Shahid bo'lishidan oldin u o'z yo'ldoshlari va shogirdlariga vasiyat qilib, o'zining missiyasini davom ettirishga chaqirdi. Ya'ni ilm tarqatish va odamlarni jaholat zulmatidan qutqarishni buyurdi.

Dunyo Behbudiydek insonni yo'qotdi, Ammo Behbudiy ilm yo'lida shahidlik sharafiga erishdi.

Naho as-Sanhoniya, tadbir ishtirokchisi (Yaman):

– Behbudiy haqidagi arab tilda tayyorlangan kitobni ilk bor ko'rganimda, adibga qo'yilgan taxallus meni o'ziga jalb qildi. Shu bois, bu taxallusning ma'nosini izlashga kirishdim. Va aynan shu yerda mening fikrim ancha shakllandi — bu safar kitob haqida emas, balki bu kitob orqali tanishgan mutafakkir va ma'rifatparvar shaxs haqida aytib berishni maqsad qildim.

Aytishadiku, har bir inson ismi bilan tug'iladi deb. Ehtimol, Mahmudxo'ja Behbudiy taqdiri ismi orqali belgilangandir. Bu nom faqat taxallus emas, balki sharaf hamdir.

Uning taxallusi sharaf, ilm va faoliyatni o'zida birlashtirgan. Bu ism tasodif emas, balki uning butun hayot yo'liga qo'yilgan o'chmas sarlavhadir.

 Behbudiy hayoti tarixda va bizning qalblarimizda mangu qoldi.

Suxeyr Tolib al-Xusniya, tadbir ishtirokchisi:

– Kitobda meni o'ziga jalb qilgan jihatlardan biri – bu Behbudiyning islohotchilik faoliyatidir. Islohotchi Mahmudxuja Behbudiy kun tartibi markazida ta'limni yaxshilash yoki uni tubdan o'zgartirish vazifalari oldingi qatorda turgan. U ta'limni e'tiqodga moslashtirish va jamiyatni sog'lom fikrlashga chorlashni maqsad qilgan. Ko'r-ko'rona ravishda ommani ergashtirish yoki mustamlakachilik siyosatini qabul qilishni emas, balki mustaqil, ongli tafakkurni targ'ib qilgan.

Albatta, har qanday islohotga jamiyat tomonidan qarshilik bo'lishi tabiiy. Xususan, jadidchilarning ba'zi ulamolar tomonidan kofir deb atashlari shundan dalolat beradi. Chunki ular yangi fikr evaziga qadimiy va o'zgarishga muhtoj tizimni tanqid qilgan edilar.

Ushbu islohotlar markazida yangi maktablar ochish turardi. Albatta, ilm va ta'lim bilan millatlar yuksaladi. Behbudiyning teatr san'atini va bosma nashrlarni rivojlantirish, ona tiliga bo'lgan e'tibori, o'zbek tilini boshqa tillar ta'siridan xoli qilishga bo'lgan urinishlari, o'z xalqining o'zligini asrab qolishga qaratilgan, deb o'ylayman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish