Logo

O'zbek tili – millat jipsligini ta'minlashda muhim omil

Oktabr 20, 2025. 13:13 • 58 soniya

225
O'zbek tili – millat jipsligini ta'minlashda muhim omil

AL-KUVAYT, 20-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Kuvaytda vaqtincha ishlayotgan vatandoshlar, o'zbek tili ixlosmandlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar O'zbekiston Respublikasining "Davlat tili to'g'risida"gi Qonunining mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan tanishdilar. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 21-oktyabrda imzolangan "O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni bilan 21-oktyabr – O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – O'zbek tili bayrami kuni sifatida belgilangani ta'kidlandi.

Qayd etilganidek, o'zbek tili millatimizning birligi va yaxlitligi hamda jamiyat jipsligining muhim omilidir.

Yangi O'zbekistonda o'zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini tubdan oshirish, unib-o'sib kelayotgan yoshlarni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug' ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to'laqonli joriy etishni ta'minlashga qaratilgan vazifalar haqida to'xtalib o'tildi.

Adabiy kecha davomida uning ishtirokchilari bo'lgan vatandoshlar tomonidan o'zbek tilida she'rlar o'qib berildi.

E'tiborlisi, ushbu tadbir Kuvayt ommaviy axborot vositalarida katta qiziqish uyg'otdi. Jumladan, "al-Jarida", "Arab Times" va "as-Siyasa" kabi ommabop nashrlarda 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan maqolalar e'lon qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish