Har millat o'z tili ila faxr etar
Oktabr 21, 2025. 16:59 • 2 daq
• 97
ANQARA, 21-oktyabr. /"Dunyo" AA/. 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Turkiyada ham bir qator ma'naviy-ma'rifiy tadbir va anjumanlar tashkil etilmoqda, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, Anqara shahrida "Mahmudxo'ja Behbudiy va Turkiston jadidlik harakati" mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi
"Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to'g'risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan konferensiya Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY, O'zbekiston Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, mamlakatimiz elchixonasi, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamkorligida uyushtirildi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar mamlakatimizda jadid bobomizning xotirasini abadiylashtirish uchun ko'plab tadbir va loyihalar amalga oshirilayotganini ta'kidladilar. Jumladan, adib haqida kitoblar nashrga tayyorlanib, uning hayoti haqida spektakllar sahnalashtirilayotgani, mamlakatimiz ilmiy muassasalarida ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalari tashkil qilinayotgani, Samarqanddagi Mahmudxo'ja Behbudiy uy-muzeyi hududi obodonlashtirilib, muzey ekspozitsiyasi boyitilayotgani aytib o'tildi.
O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan jadidlar merosini chuqur o'rganish bo'yicha beqiyos ishlar boshlangani Turkiya vakillari tomonidan e'tirof etildi. Qayd etilganidek, Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan Uchinchi Renessans g'oyasi zamirida ham ulug' ajdodlar orzu-intilishlari va armonlari mujassam.
Anjuman natijalari Mahmudxo'ja Behbudiy va boshqa jadidlarning ibratomuz hayotini yoritishda muhim manba bo'lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Tadbir doirasida TURKSOY va Anqara Hoji Bayram Vali universiteti hamkorligida turk tilida tayyorlangan "Mahmudxo'ja Behbudiyning tanlangan asarlari" kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi. Shuningdek, Anqara shahri teatri sahnasida Samarqand viloyati musiqali drama teatri tomonida Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan sahnalashtirilgan Behbudiy spektakli namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Umra ziyoratchilari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Italiyada yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasi e'tirof etildi
Davlat ramzlari – mustaqillik timsoli, farovon hayot garovi!
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun nishonlandi
O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni AQShda keng nishonlandi