Logo

Polshada Bosh qomusimiz qabul qilingan kun munosabati bilan vatandoshlar ishtirokida tadbir tashkil etildi

Dekabr 05, 2023. 14:11 • 50 soniya

212
Polshada Bosh qomusimiz qabul qilingan kun munosabati bilan vatandoshlar ishtirokida tadbir tashkil etildi

VARSHAVA, 5-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan Vistula universitetida Bosh qomusimiz qabul qilinganining 31 yilligiga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda Polsha oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan va ushbu mamlakatda vaqtinchi mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan faol yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi.

Tadbirda so'zga chiqqan diplomatlar, Konstitutsiya har bir davlatning suvereniteti, uning davlatchiligi rivoji, fuqarolarning turmush tarzi, jamiyatdagi o'rnini belgilab berishi hamda mustaqil, erkin, tinch va farovon hayotning kafolati bo'lib xizmat qilishini ta'kidladilar.

Yig'ilganlarga yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasida mamlakatimiz ilk bor ijtimoiy, dunyoviy, huquqiy davlat, inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi belgilab berilgani qayd etildi.

Tadbirning yakuniy qismi ochiq muloqot tarzida kechdi, unda vatandoshlar Polshada bo'lishlari davomida yuzaga kelgan muammolar haqidagi savollariga elchixona xodimlaridan atroflicha javob oldilar.

Shuningdek, vatandoshlarga elchixona faoliyati, telegram messenjerida yangi ochilgan rasmiy kanal va bot haqida ma'lumot berildi.

Davra suhbati yakunida Polshada o'zbek talabalari assotsiatsiyasini tashkil etish hamda turli madaniy va sport tadbirlarini hamkorlikda o'tkazish to'g'risida kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish