Afg'onistonning Mazori-Sharif shahrida o'zbek tilining tarixi va buguni e'tirof etildi
Noyabr 01, 2025. 11:28 • 2 daq
• 76
MAZORI-SHARIF, 1-noyabr. /"Dunyo" AA/. Afg'onistonning Mazori-Sharif shahrida o'zbek tili bayramiga bag'ishlangan madaniy tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur tadbirda Mazori-Sharifdagi konsulxonasi xodimlari, Balx viloyati axborot va madaniyat boshqarmasi rahbariyati, mahalliy o'zbek ziyolilari, shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.
Balx viloyati axborot va madaniyat boshqarmasi boshlig'i Muhammadullo Zarror mehmonlarni bayram bilan tabriklab, o'zbek tilining do'stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlashdagi o'rni haqida to'xtalib o'tdi. Bunday madaniy tadbirlarning tashkil etilishi Afg'onistondagi turli millat va elat vakillarining hamjihatlikda yashayotganidan dalolat ekanini ta'kidladi.
Mahalliy o'zbek ziyolilari – Soli Muhammad Rosih, Vakilzoda Andxo'yi o'zbek tilining tarixi va buguni, uning jamiyat taraqqiyotida tutgan o'rni, boshqa tillar bilan aloqasini alohida e'tirof etdi. O'zbek tilining rivojlanishida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk shaxslarning ijodi haqida so'z yuritdi.
O'zbekistonning Mazori-Sharifdagi konsulxonasi vakili "Davlat tili haqida"gi qonunni amalga oshirish bo'yicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, o'zbek tilini rivojlantirish va bu yo'nalishda kadrlar tayyorlashda Afg'oniston bilan hamkorlik aloqalari xususida atroflicha ma'lumot berdi.
Shuningdek, ishtirokchilar Afg'onistonda o'zbek tilini rivojlantirish, xususan, Mazori-Sharifda o'zbek tili markazi ochish, yosh shoir va yozuvchilarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning kitoblarini chop etish uchun bosmaxona tashkil etish haqida o'z fikrlarini bildirib o'tdilar.
Tadbir doirasida tashkil etilgan Afg'onistonda yashovchi o'zbek rassomlarining asarlari, shoir va yozuvchilarning kitoblari hamda milliy taomlar ko'rgazmalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Umra ziyoratchilari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Italiyada yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasi e'tirof etildi
Davlat ramzlari – mustaqillik timsoli, farovon hayot garovi!
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun nishonlandi
O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni AQShda keng nishonlandi