Logo

Germaniyada "Yangi O'zbekistonni kashf eting" mavzusida ma'rifiy uchrashuv o'tkazildi

Noyabr 03, 2025. 11:08 • 59 soniya

162
Germaniyada "Yangi O'zbekistonni kashf eting" mavzusida ma'rifiy uchrashuv o'tkazildi

BERLIN, 3-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasida O'zbek tili bayrami munosabati bilan "Yangi O'zbekistonni kashf eting" mavzusida madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Germaniyadagi turli vazirlik va idora xodimlari, sayyohlik kompaniyalari va madaniyat sohasi vakillari, vatandoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov mehmonlarga o'zbek tilining nufuzini oshirish va mustahkamlash borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan iclohotlar haqida ma'lumot berdi. O'zbek tilining tarixi va buguni, uning jamiyat taraqqiyotida tutgan o'rni, boshqa tillar bilan aloqasi haqida to'xtaldi. O'zbek tilining rivojlanishida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk shaxslarning ijodi haqida so'z yuritdi.

Germaniyaning bir qancha oliy o'quv yurtlarida, jumladan Berlindagi Gumboldt universitetida o'zbek tili va adabiyoti o'rganiladi. Oliygohning o'zbek tilini o'rganayotgan talabalari bayram tadbiriga o'zbek tilida tayyorlab kelgan dasturlarini namoyish qildi.

"O'zbek halqi madaniyati va san'atiga mehrim o'zgacha. Shu boisdan Gumboldt universitetida o'zbek tilini o'rganayapman. Mashg'ulotlarda nafaqat til qoidalarini, balki o'zbek madaniyatini ham o'rganamiz", ­­ deydi ushbu ta'lim muassasasi talabasi Oliviya Faust.

Madaniy-ma'rifiy tadbir davomida professor Feruza Abdurahimova badiiy rahbarligidagi O'zbekiston davlat filarmoniyasining "So'g'diyona" milliy cholg'ular kamer orkestrining ijod namunalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish