Germaniyaning Gera shahrida O'zbekiston Konstitutsiyasi va Davlat madhiyasi qabul qilingan sanalar keng nishonlandi
Dekabr 19, 2024. 13:11 • 3 daq
• 261
GERA, 19-dekabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Tyuringiya federal o'lkasi Gera shahri Savdo-sanoat palatasida O'zbekiston Konstitutsiyasi va Davlat madhiyasi qabul qilingan sanalarga bag'ishlangan ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Gera shahri Savdo-sanoat palatasi va nemis tashkilotlari vakillari, ushbu o'lkada dual kasbiy ta'lim asosida ta'lim olayotgan va ishlayotgan vatandoshlar qatnashdi.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi diplomatlari ishtirokchilarni yurtimiz hayotidagi muhim sanalar bilan tabriklab, Bosh qomusimiz xalqimiz orzu-intilishlari va maqsadlarini o'zida mujassam etgan asosiy huquqiy hujjat ekanligini, u demokratik islohotlarni amalga oshirish, fuqarolar huquqlarini kafolatlash, xalq farovonligini ta'minlash va mamlakat mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qilayotganini urg'uladilar. Yig'ilganlar, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va ularning natijalari bilan tanishdilar.
Uchrashuv davomida mehnat migrantlarining konsullik-huquqiy masalalarga oid savollariga batafsil javob berildi.
Peter Hyone, Tyuringiya federal o'lkasining Gera shahri Savdo-sanoat palatasi menejeri:
– Uzoq yillardan buyon O'zbekiston bilan uzviy aloqalarimiz bor. O'zbekistonda tahsil olganman va bir muddat ishlaganman. 2000-yilda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda O'zbekistondagi ilk loyihani yo'lga qo'ygan edik. Bugungi kunda yoshlarni kasbiy ta'limga o'qitish sohasidagi loyihani amalga oshiryapmiz. So'nggi uch yil ichida 25 nafar o'zbekistonlik yoshlar Tyuringiyada dual kasbiy ta'lim tizimi asosida turli kasblarga o'qitildi.
Ikki mamlakat o'rtasida imzolangan mobillik va migratsiya to'g'risidagi kelishuv tufayli kelajakda yana-da ko'proq yoshlarni Germaniyada dual kasbiy ta'limga jalb qilish rejamiz bor.
Bu Germaniya va O'zbekiston o'rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yana-da mustahkamlash yo'lidagi eng muhim natijalardan biri bo'ladi. Biz O'zbekistonning barcha hududlariga, xususan chekka qishloqlarga borib, nemis tilini va turli kasblarni o'rganish istagida bo'lgan ko'plab yoshlar bilan uchrashyapmiz. Ularga kasb o'rgatishdan tashqari hayotda o'z o'rinlarini egallash uchun imkoniyat yaratishimizni ta'kidlayapmiz.
Alisher Sodiqov, Sharqiy Tyuringiya Savdo-sanoat palatasining ta'lim va migratsiya sohasida O'zbekiston loyihasi mas'ul xodimi:
– O'zbekiston Konstitutsiyasi va Davlat madhiyasi qabul qilingan sanalarni vatandoshlar bilan birgalikda nishonlash bizga quvonch bag'ishladi. Ushbu tadbirni o'tkazishda yaqindan yordam bergan "Vatandoshlar" jamoat fondi, mamlakatimiz elchixonasiga minnatdorlik bildiramiz.
Joriy yilda Xorazm viloyati Tayloq qishlog'ida Sharqiy Tyuringiya Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda nemis tili maktabini tashkil qildik. Maktab bitiruvchilari kelajakda Germaniyada kasbiy ta'lim olishlari va mehnat faoliyati bilan shug'ullanishlari mumkin bo'ladi.
Yoshlarimizni kasbiy ta'limga jalb qilish bo'yicha 2025-yilda ham yangi loyihalarni amalga oshirish ustida ishlayapmiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi