Kobulda "Afg'onistonda o'zbek tilining o'rni" mavzusida adabiy-badiiy anjuman bo'lib o'tdi
Oktabr 20, 2025. 12:21 • 2 daq
• 206
KOBUL, 20-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Afg'oniston poytaxtida 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan "Afg'onistonda o'zbek tilining o'rni" mavzusida adabiy-badiiy anjuman tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Afg'oniston hukumati, Oliy ta'lim, Maorif, Axborot va madaniyat vazirliklari vakillari, o'zbek jamoat tashkilotlari a'zolari, faollar, shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, shuningdek, oliy o'quv yurtlari o'qituvchi va talabalari ishtirok etdi.
Anjumanning ochilish qismida so'zga chiqqan Afg'oniston olimlari, tilshunoslari va professor-o'qituvchilar mamlakatda O'zbek tili bayrami kuni keng nishonlanayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdi. O'zbekiston Hukumatining butun dunyoda o'zbek tili nufuzini oshirish va milliy an'analar hamda urf-odatlarni targ'ib qilish bo'yicha olib borayotgan sa'y-harakatlar yuqori baholandi.
Tilshunos olim Muhammad Xasan Sirdosh o'zbek tilining xalqaro maydonda, shu jumladan Afg'onistonda nufuzi ortib borayotganini ta'kidladi. "Afg'onistonda O'zbek tili bayrami kuni mamlakatning rasmiy bayrami hisoblanadi. O'zbek tili millatimizning ulkan boyligi va benazir qadriyati", – dedi u.
Taniqli shoir va yozuvchi Xomush Hayom o'z nutqida, ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashda o'zbek tilining hissasi e'tirof etdi. "O'zbek tili buyuk davlat arbobi va mutafakkir Alisher Navoiy nomi bilan uzviy bog'liqdir. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o'qitadi, urf-odat, an'analarini saqlaydi. Agar biz o'z tilimizni dunyoga tarannum etsak, millatimiz va birligimiz yanada mustahkam bo'ladi, – dedi u. – Shuningdek, o'zbek tilini Afg'onistonda ilmiy asosda rivojlantirish bo'yicha amaliy ishlarni davom ettirish zarur".
O'zbekiston diplomatlar, ishtirokchilarni ushbu muhim sana bilan muborakbod etib, yurtimizda o'zbek tiliga berilayotgan e'tiborga to'xtalib o'tdilar.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda yosh avlodni tilimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, afg'on yoshlarini o'qitish uchun Surxondaryo viloyatida Termiz ta'lim markazi faoliyat yuritayotgani va talabalarga turli yo'nalishlarda imtiyozli grantlar ajratilgani aytib o'tildi.
Tadbir davomida yosh ijodkorlar tomonidan o'zbek tilini ulug'lovchi she'rlar, Alisher Navoiy g'azallaridan parchalar o'qildi va o'zbek milliy maqom qo'shiqlari ijro etildi.
Kecha doirasida o'zbek tilida nashr etilgan kitoblar taqdimoti, milliy liboslar, tasviriy san'at va taomlar ko'rgazmasi tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Umra ziyoratchilari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Italiyada yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasi e'tirof etildi
Davlat ramzlari – mustaqillik timsoli, farovon hayot garovi!
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun nishonlandi
O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni AQShda keng nishonlandi