Logo

Yaponiyada Navro'z bayrami "Qadriyatlaring boqiy bo'lsin, Navro'z!" shiori ostida keng tantana qilindi

Aprel 11, 2025. 07:24 • 2 daq

811
Yaponiyada Navro'z bayrami "Qadriyatlaring boqiy bo'lsin, Navro'z!" shiori ostida keng tantana qilindi

TOKIO, 11-aprel. /"Dunyo" AA/. Yaponiya poytaxtidagi "Sekiyu kaykan" marosimlar zalida "Qadriyatlaring boqiy bo'lsin, Navro'z!" shiori ostida bayram tadbirlari bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bahor ayyomi shodiyonalari mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan "Maison&Nadi" kompaniyasi va "Yaponiya-O'zbekiston" jamiyati bilan birgalikda tashkil etildi.

Unda Kanto mintaqasidagi vatandoshlar, Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi, jamoat tashkilotlari, ilmiy va ishbilarmon doiralari vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Muhsinxo'ja Abdurahmonov o'zining qutlov nutqida, yig'ilganlarni Navro'zi olam bilan tabriklab, Navro'zning 3000 yildan ortiq tarixga ega insoniylik, bag'rikenglik va farovonlik bayrami ekanini ta'kidladi. Ushbu ayyom O'zbekiston diplomatik vakolatxonalari tomonidan vatandoshlar ishtirokida dunyoning turli burchaklarida, shu jumladan Yaponiyada ham keng nishonlanayotgani qayd etildi. Shuningdek, Navro'z kabi bayramlar ikki xalq o'rtasidagi do'stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashi, o'zbek qadriyatlarini keng targ'ib etish orqali turizm rivojiga hissa qo'shishi ta'kidlandi.

Diplomat O'zbekistondagi demokratik islohotlar va ijtimoiy taraqqiyot Navro'zning insonparvar va inklyuziv mohiyati bilan uyg'un ekanini alohida urg'uladi.

Tadbir davomida "Yaponiya-O'zbekiston" jamiyati rahbari Nodira Aminova sakura va paxtadan tayyorlangan noyob kashta taqdimotini o'tkazdi.

Bayram tadbirning madaniy qismida O'zbekistonning Yaponiyadagi madaniyat elchisi, taniqli qo'shiqchi va sozanda Mashu Komazaki dutor va chanqovuzda o'zbek milliy kuylarini ijro etdi. Yaponiyada faoliyat yuritayotgan "O'zbegim" raqs ansambli va "Cheksiz ijod yo'li" maktabi o'quvchilari tomonidan taqdim o'zbek milliy raqslari va kuy-qo'shiqlari yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida mehmonlar uchun bayram dasturxoni yozildi. Navro'z bayrami munosabati bilan bahoriy taomlarimizdan sumalak tortildi, shuningdek ko'ksomsa, ko'k chuchvara, milliy shirinliklar ulashildi. Doshqozonda bayram oshi pishirildi.

Tadbir doirasida o'zbek xalq amaliy san'ati va milliy hunarmandchilik mahsulotlari, xususan, kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, yog'och o'ymakorligi, gilamchilik, milliy matolar va tarix va turizm haqidagi kitoblar ko'rgazmasi tashkil etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish