Logo

Ona tilini asrash – milliy madaniyatni asrash demakdir

Oktabr 21, 2025. 11:58 • 49 soniya

79
Ona tilini asrash – milliy madaniyatni asrash demakdir

 NYU-YORK, 21-oktyabr. /"Dunyo" AA/. AQSHning Filadelfiya va San-Fransisko shaharlarida 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan tadbirlar bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirlar Fladelfiyadagi "Vatan" jamiyati va San-Fransiskodagi o'zbeklar hamjamiyati tashabbusi bilan, o'zbek ishbilarmon doiralari vakillari, faol yurtdoshlar va O'zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi ko'magida tashkil etildi.

Ishtirokchilar o'zbek tiliga davlat maqomi berilgan kunni milliy g'urur va madaniy birlikning muhim timsoli o'laroq e'tirof etishdi.

Filadelfiyada bo'lib o'tgan tadbir qatnashchilari Ona vatan haqidagi xotiralarini yodga olishdi, AQSHda voyaga yetayotgan yosh avlodni o'zbek xalqi qadriyatlari va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularga o'zbek tilini o'rgatish muhimligini ta'kidlashdi. Shuningdek, vatandoshlar o'rtasida birdamlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratildi.

San-Fransiskoda o'zbek diasporasining yosh va keksa avlod vakillari ishtirokida madaniy kecha bo'lib o'tdi. Unda vatandoshlar tomonidan o'zbek tilida qo'shiqlar ijro etildi va she'rlar o'qildi. Yangi O'zbekiston haqidagi videoroliklar namoyish etildi.

AQSH hududida o'tkazilgan ushbu madaniy tashabbuslar vatandoshlar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish va O'zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish