Logo

Rigada "Mirzo Ulug'bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi" mavzusida davra suhbati o'tkazildi

Noyabr 22, 2024. 12:04 • 2 daq

62
Rigada "Mirzo Ulug'bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi" mavzusida davra suhbati o'tkazildi

RIGA, 22-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida "Mirzo Ulug'bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi" mavzusida davra suhbati o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mirzo Ulug'bek tavalludining 630 yilligiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbirda Latviyada tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

O'zbekiston Prezidentining "Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug'bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to'g'risida" qarorining mazmun-mohiyati haqida so'z yuritildi.

Xususan, Mirzo Ulug'bek o'zining boy ilmiy-ma'rifiy merosi hamda mislsiz bunyodkorlik faoliyati bilan O'zbekiston taraqqiyoti va jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo'shgan ulkan tarixiy siymo, buyuk qomusiy olim ekanligiga urg'u berildi.

Ulug'bek uzoq yillar o'z saltanatini adolat va insonparvarlik g'oyalari asosida boshqarish va keng ko'lamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish bilan birga ilm-fan, madaniyat va san'at sohalarini yuksaltirishga alohida e'tibor qaratgani qayd etildi. Uning tashabbusi ko'plab madrasalar, maktablar, kutubxonalar, masjidlar, karvonsaroylar, ko'priklar hamda so'lim bog'lar barpo etilgani, natijada o'lkamiz har tomonlama taraqqiy etib, Sharqdagi yirik madaniyat va ilm-fan diyoriga aylangani ta'kidlandi.

Qayd etilganidek, Mirzo Ulug'bek matematika, fizika, tarix, me'morchilik sohalarida ulkan natijalarni qo'lga kiritdi. Buyuk alloma, ayniqsa, Samarqand shahrida o'zi bunyod etgan rasadxonada amalga oshirgan keng qamrovli ilmiy tadqiqotlari va kashfiyotlari bilan jahon astronomiya fanining rivojida tub burilish yasagan. Ulug' vatandoshimizning ana shunday izlanishlari natijasida yuzaga kelgan "Ziji jadidi Ko'ragoniy" asari hozirgi paytda ham yulduzlar ilmi sohasida dunyodagi eng muhim asarlardan biri sifatida e'tirof etilayotgani haqidagi ma'lumotlar ishtirokchilar e'tiboriga taqdim etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish