Logo

Rossiya poytaxtida O'zbek tili bayrami kuni keng nishonlandi

Oktabr 21, 2025. 17:31 • 2 daq

69
Rossiya poytaxtida O'zbek tili bayrami kuni keng nishonlandi

TOSHKENT, 21-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Moskva davlat lingvistika universitetida 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, universitetda "Raqamli asrda o'zbek tilini o'qitish: muammolar va istiqbollar" mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi. Unda Rossiya va O'zbekistonning yetakchi universitetlari talabalari, professor-o'qituvchilari va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar onlayn ta'limga global o'tish va sun'iy intellektdan foydalangan holda raqamli ta'lim platformalarini rivojlantirish sharoitida o'zbek tili o'qituvchilari oldida turgan dolzarb vazifalarni muhokama qildilar.

Moskva davlat lingvistika universiteti qoshidagi O'zbek tili va madaniyati markazi direktori Begam Qorayeva o'z ma'ruzasida universitetda o'zbek tilining o'qitilishi tarixi va o'zbek madaniyatini o'rganishda talabalarni nimaga ko'proq qiziqtirishi haqida gapirdi.

– 2011-yildan beri Moskva davlat lingvistika universitetida dars beraman. O'tgan yillar davomida universitetda o'zbek tilini o'qitish ancha yo'lni bosib o'tdi, – dedi u. – 2022-yil aprel oyida O'zbek tili va madaniyati markazi ochilishidan oldin ham o'zbek tili faol o'qitilayotgan edi. Bugungi kunda bir qancha bitiruvchilarimiz Rossiyaning boshqa oliy o'quv yurtlarida o'zbek tilidan dars bermoqda. Ayni paytda universitetda "Xalqaro mintaqashunoslik" yo'nalishida tahsil olayotgan talabalar o'zbek tilini o'rganmoqda, tilni yaxshi biladigan bitiruvchilarning umumiy soni esa ellikdan oshdi.

Ma'ruzachilar, shuningdek, bunday mazmundagi tadbirlar madaniyatlararo muloqot muhimligini ta'kidlash barobarida, O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi madaniy-gumanitar va akademik aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdilar.

Tadbirning mushoira qismida o'zbek adabiyotining mumtoz namoyondalari Alisher Navoiy, G'afur G'ulom va Zulfiya she'rlardan o'qib berildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish