Logo

Shahid Taslim: Hindistonda o'zbek tilini ko'plab yoshlar o'rganmoqda

Oktabr 19, 2025. 10:52 • 3 daq

116
Shahid Taslim: Hindistonda o'zbek tilini ko'plab yoshlar o'rganmoqda

DEHLI, 19-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Hindistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri – Dehli shahridagi Jamiya Milliya Islomiya markaziy universitetida O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjuman hind yoshlari o'rtasida o'zbek tili va madaniyati tobora ommalashib borayotganining yorqin ifodasi bo'ldi.

– Avvalambor O'zbekistondagi barcha do'stlarimni O'zbek tili bayrami bilan tabriklayman, – deydi universitet talabasi Muhammad Munavvar Olam. – O'zbek tili nafaqat boy tarixga ega, balki u ohangdor va ifodali tildir. O'zbek tili asrlar davomida o'zbek xalqining adabiyoti, madaniyati va dunyoqarashini saqlab kelayotgan bebeaho merosdir. Biz Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy va boshqa buyuk yozuvchilarning asarlari orqali o'zbek tilining go'zalligi va boyligini chuqur his qilamiz. Men o'zbek tilini o'rganishni tanladim, chunki til – bu nafaqat muloqot vositasi, balki xalqning tarixi, urf-odatlari va madaniy merosini anglash kalitidir. Shu bois men barcha yoshlarni o'zbek tilini o'rganishga, sevishga va qadrlashga chorlayman.

So'nggi yillarda O'zbekiston va Hindiston tomonidan ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi. Hindistonning yetakchi oliy bilim yurtlari – Jamiya Milliya Islomiya universiteti, Javoharla'l Neru universiteti va Dehli universitetida o'zbek tili kurslari tobora ommalashib bormoqda. Bugungi kunda hindistonlik talabalar uchun o'zbek tilini o'rganish o'zaro aloqalar mustahkamlanib borayotgan bir sharoitda O'zbekiston boy madaniy merosidan bahramand bo'lishga yo'naltirilgan o'ziga xos ko'prik va kelajakdagi mehnat faoliyati uchun istiqbolli yo'nalish sifatida e'tirof etilmoqda.

Tadbirda ikki xalqni bir-biriga bog'lab turgan chuqur tarixiy-madaniy ildizlar ana shunday qiziqishga asos bo'layotgani ta'kidlandi. Asrlar davomida shakllangan an'anaviy o'zbek-hind munosabatlari adabiyot, san'at va ilm-fan sohalarida, ayniqsa, o'z ifodasini topmoqda. Buyuk o'zbek mutafakkirlarining Markaziy va Janubiy Osiyo makoni bilan chambarchas bog'liq bo'lgan merosi o'zaro manfaatdorlik uchun jonli zamin yaratmoqda. Oliy ta'lim sohasidagi zamonaviy qo'shma loyihalar, akademik almashinuvlar va ilmiy anjumanlar ikki mamlakat talabalari va tadqiqotchilari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

– Ma'umki o'zbek va hind xalqlari o'rtasidagi aloqalar juda ham qadimiy vaqtlarga borib taqaladi, – deydi universitetning xorijiy tillar departamenti mudiri, mazkur ta'lim muassasidagi O'zbek tili kursi asoschisi professor Shahid Taslim. – Bugungi kunda til va adabiyot ushbu munosabatlardagi muhim ko'prik bo'layapti. Hindistonda o'zbek tilini ko'plab yoshlar o'rganmoqda. O'zbek tili bizga yaqin til bo'lib, mushtarak so'zlar juda ham ko'p. Lekin eng muhimi, talabalarimiz O'zbekistonni juda ham yaxshi ko'radi, chunki ushbu mamlakat boy madaniy-ma'rifiy an'analarga ega. Hindiston ta'lim muassasalarida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va boshqa allomalarning bebaho asarlarini o'qib, o'rganishmoqda. O'zbek zaminida yetishib chiqqan buyuk olimlarning ilmiy-ma'naviy merosi butun jahonga ziyo taratib turibdi. Men o'zbek tilini sevishimdan va undan saboq berayotganimdan faxrlanaman.

Dehli shahrida bo'lib o'tgan O'zbek tili bayrami hindistonlik yoshlarning ortib borayotgan qiziqishi ikki mamlakat o'rtasidagi uzoq muddatli va kelajakka intilgan samarali hamkorligining barqaror poydevoriga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish