Shanxayda O'zbek tili bayrami nishonlandi
Noyabr 03, 2025. 09:36 • 59 soniya
• 66
SHANXAY, 3-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan O'zbek tili bayramiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda ushbu shaharda tahsil olayotgan talabalar va istiqomat qilayotgan o'zbekistonliklar ishtirok etdi. Uchrashuv avvalida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu sana munosabati bilan vatandoshlarimizga yo'llagan tabrigi o'qib eshittirildi.
So'zga chiqqanlar o'zbek tilining millat ma'naviyati, milliy o'ziga xoslik va madaniy merosni saqlash hamda avloddan-avlodga yetkazishdagi muhim o'rni haqida to'xtaldilar. O'zbek tili nafaqat milliy birlik va iftixor timsoli, balki mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va diplomatiyasining muhim tarkibiy qismi ham hisoblanishi ta'kidlandi.
2017-yildan buyon Shanxay chet tillar universitetida faoliyat yuritayotgan "O'zbek tili markazi"da xitoylik talabalar tilimizning shakllanish tarixi, o'ziga xos xususiyatlari va grammatikasini o'rganib kelishayotgani alohida qayd etildi.
Bu, o'z navbatida, o'zbek tilini ommalashtirish, O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi do'stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda ushbu markazning xitoylik talabalari O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalarida amaliyot o'tamoqda.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari o'zbek tili, uning shakllanishi va rivojlanishi bilan bog'liq qiziqarli tarixiy ma'lumotlar bilan o'rtoqlashdi. Ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, uni yoshlar o'rtasida keng targ'ib etish, jahon miqyosida nufuzini oshirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Umra ziyoratchilari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Italiyada yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasi e'tirof etildi
Davlat ramzlari – mustaqillik timsoli, farovon hayot garovi!
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun nishonlandi
O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni AQShda keng nishonlandi