Logo

Turkiyada o'zbek tilini o'rgatish bo'yicha onlayn kurslar tashkil etildi

Oktabr 24, 2025. 18:37 • 2 daq

33
Turkiyada o'zbek tilini o'rgatish bo'yicha onlayn kurslar tashkil etildi

ISTANBUL, 24-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Turkiyada yashovchi etnik o'zbeklar va ona tilimizni o'rganayotlar uchun "O'zbek tili va madaniyati" mavzusida onlayn kurslar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Turkistonliklar madaniy va ijtimoiy hamkorlik jamiyati" ko'magida tashkil etilgan kurs 25 kishi qamra oldi. E'tiborlisi, o'zbek tilini o'rganish bo'yicha o'quvlarda ishtirok etayotgan orasida universitet va maktab o'qituvchilari, talabalar va tadbirkorlar bor.

Bosh konsul Sherzod Abdunazarov o'zining kirish nutqida o'zbek tili tarixi, rivojlanish bosqichlari va ona tilimizda yozilgan hamda jahon adabiyoti xazinalaridan muhim o'rin egallagan asarlar mualliflari haqida to'xtaldi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida o'zbek tilida ma'ruza qilgani alohida urg'ulandi.

 "Vatandoshlar" fondi rahbari Odiljon Sattorov O'zbekiston Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi "Davlat tilini yana-da rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori haqida ma'lumot berdi. Qarorda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o'zbek tili olimpiadasi o'tkazish va olimpiada g'oliblari respublika oliy ta'lim muassasalarining "filologiya va tillarni o'qitish: o'zbek tili va adabiyoti" ta'lim yo'nalishiga umumiy qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida o'qishga qabul qilinishi belgilani ma'lum qilindi. Endi xorijdagi vatandoshlarda ham O'zbekistondagi universitetlarning mazkur yo'nalishi bo'yicha davlat granti asosida o'qish imkoniyati yaratildi.

 Onlayn kurs davomida avval o'tkazilgan darslarda qatnashgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

 

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish