Kamchatkada Navoiy va Boburning hayoti va ijodiy faoliyati targ‘ib qilindi
Fevral 12, 2026. 18:54 • 2 daq
• 357
PETROPAVLOVSK-KAMCHATSKIY, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning Kamchatka o‘lkasida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Boburning 543 yilligi munosabati bilan madaniy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Semurg” o‘zbekistonliklar jamoat tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan madaniy-maʼrifiy uchrashuvda Kamchatka o‘lkasida faoliyat yurituvchi o‘zbek va boshqa millatlarning diaspora tashkilotlari vakillari, vatandoshlar, talaba yoshlar, mahalliy yozuvchi va shoirlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Navoiy va Boburning hayoti va ijodiy faoliyati, jamiyatimizda tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. So‘zga chiqqanlar ularning ijodiy-ilmiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida va adabiy-estetik tafakkurning shakllanishida muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.
Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolarimiz qalamiga mansub sheʼr, g‘azal va ruboiylardan parchalar o‘qib eshittirildi.
Tadbirda “Semurg” tashkiloti raisi Gulnoz Safarova Navoiy va Boburning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, ularning tarixi va o‘lmas asarlarini yurtimiz va xorijda keng targ‘ib qilish, xotiralarini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr bildirdi.
Uchrashuv doirasida o‘zbek milliy kiyimlari, cholg‘u asboblari, xalq amaliy sanʼati buyumlari, fotosuratlar va mamlakatimiz tarixi to‘g‘risidagi kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi