Moskvada Navoiy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish qilindi
Fevral 10, 2026. 11:42 • 2 daq
• 346
MOSKVA, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasida buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiyning 585 yilligiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy va Sharq renessansi” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir avvalida elchixona diplomatlari, vatandoshlar hamda Moskva davlat lingvistika universitetining o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalari Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodining ko‘p qirrali jihatlari haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Uning merosi nafaqat o‘zbek, balki jahon madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgani eʼtirof etildi.
Tadbirda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov buyuk mutafakkir Navoiyning asarlari nafaqat shoir yashagan boy tarixiy davrni aks ettiradi, balki butun dunyo bo‘ylab tadqiqotchilar, adabiyotshunoslar va sheʼriyat ixlosmandlari eʼtiborini tortishda davom etayotganini taʼkidladi.
Elchi mehmonlarga o‘zbek xalqining tarixiy merosiga bo‘lgan samimiy qiziqish va befarq bo‘lmagan munosabat uchun minnatdorlik bildirdi.
Moskva davlat iqtisodiyot universiteti prorektori Georgiy Grachev hamda Rossiya Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi professori Igor Krugovix ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy aloqalar muhimligini taʼkidlab, ular asrlar davomida shakllangan va mamlakatlarning madaniy rivojlanishiga sezilarli taʼsir ko‘rsatganini eʼtirof etdi.
Ishtirokchilar Alisher Navoiyning boy tarixiy merosi bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib qolayotgani, uning asarlari odamlarni ijodkorlik va o‘z-o‘zini takomillashtirishga ilhomlantirishda davom etayotganini taʼkidladi.
Konferensiyada Navoiy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan qisqa metrajli hujjatli film namoyish qilindi. Moskva davlat lingvistika universitetining o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalari tomonidan buyuk mutafakkirning g‘azal, sheʼr va dostonlari o‘qib eshittirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi