Logo

O'zbek tili – milliy va ma'naviy boyligimiz

Oktabr 19, 2025. 12:39 • 1 daq

115
O'zbek tili – milliy va ma'naviy boyligimiz

NOVOSIBIRSK, 19-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo'limining Davlat ilmiy-texnik jamoat kutubxonasida O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlat ilmiy-texnika jamoat kutubxonasi direktori Irina Lizunova anjumanning ochilish qismidagi nutqida tadbirning Novosibirsk ilmiy va madaniy hayotidagi ahamiyati va o'zbek tilining jahon adabiyotidagi o'rni haqida to'xtaldi. "Anjuman kutubxona binosi ichida joylashgan O'zbekiston tarixi, madaniyati va fanlari xonasida o'tkazilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi", – dedi u.

O'zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov o'z navbatida o'zbek tili – millatimizning milliy va ma'naviy boyligi ekanligiga e'tibor qaratdi. Shuningdek, u o'zbek tili asrlar davomida uch bosqich: qadimgi turkiy, eski o'zbek va yangi davrlarni bosib o'tganiga to'xtaldi. Bugungi kunda davlat maqomi berilgan o'zbek tili o'zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy nomi bilan uzviy bog'liqligi urg'ulandi.

"Ulug' ajdodimiz merosi uning buyukligi, jahon madaniyati, adabiyoti, she'riyati uchun beqiyos qadr-qimmatini anglashda hamon muhim o'rin tutmoqda", – dedi  bosh konsul.

Tadbir so'zga chiqqanlar, shuningdek, o'zbek tilining xalqaro maydonda nufuzi ortib borayotganini ta'kidladilar. Shuningdek, Alisher Navoiyning boy merosi, xususan uning o'zbek tili rivojidagi o'rniga to'xtalib o'tdilar.

Anjuman davomida o'zbek tilida she'rlar o'qildi, kuy va qo'shiqlar ijro etildi. O'zbek tilida nashr etilgan kitoblar ko'rgazmasi tashkil etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish