Logo

O'sh shahrida O'zbek tili va adabiyoti, san'ati va madaniyati kunlari bo'lib o'tdi

Oktabr 19, 2025. 10:50 • 2 daq

78
O'sh shahrida O'zbek tili va adabiyoti, san'ati va madaniyati kunlari bo'lib o'tdi

O'Sh, 19-oktyabr. "Dunyo" AA/. Qirg'izistonning O'sh shahrida "O'zbek tili va adabiyoti, san'ati va madaniyati kunlari" o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir O'zbekiston Bosh konsulxonasi, "Vatandoshlar" jamoat fondi va O'sh davlat universiteti qoshidagi Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va madaniyati markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda "Vatandoshlar" jamoat fondi, O'sh davlat universiteti rahbariyati, professor o'qituvchilari, O'sh shahridagi faoliyat yuritayotgan o'zbek va boshqa milliy madaniy markazlar vakillari hamda Farg'ona, Qo'qon, Namangan, Andijon shaharlaridagi oliy ta'lim muassasalari professor o'qituvchilari va talabalaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi qatnashdi.

O'sh davlat universiteti markaziy maydonida o'zbek xalqining boy madaniy merosini namoyon etuvchi milliy kiyimlar, taomlar va san'atga bag'ishlangan ko'rgazma tashkil etildi.

Tadbirda so'zga chiqqanlar o'zbek tilining tarixi, uning rivojlanishi, ikki davlat o'rtasidagi do'stona aloqalar va madaniyatlar hamohangligiga to'xtaldilar.

Qirg'iziston O'zbek milliy madaniy markazining Janubiy viloyatlar bo'yicha koordinatori Odiljon Atadjanov bu tadbir nafaqat madaniy uchrashuv, balki ikki qardosh xalq o'rtasidagi samimiy munosabatlarni yana-da mustahkamlovchi ma'naviy maydonga aylanganini ta'kidladi. "O'zbek tili va adabiyoti, san'ati va madaniyati kuni nafaqat til bayrami, balki xalqlarimiz do'stligining ramzi, yuksak ma'naviyat va hamjihatlikning timsolidir. Bunday uchrashuv va hamkorliklar yosh avlod qalbida milliy g'urur, vatanparvarlik, birodarlik va do'stlik tuyg'ularini yana-da mustahkamlaydi", – dedi u.

O'zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari To'lqin Fayziyev va Diafruza Mirzayeva hamda Andijon, Namangan, Farg'ona va Qo'qon universitetlari talabalari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Tadbirlar doirasida Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O'sh davlat akademik o'zbek musiqali drama teatrida Muqimiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik musiqali teatri jamoasi tomonidan "Qaytar dunyo" spektakli ham namoyish etildi.

Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O'sh davlat o'zbek akademik musiqali drama teatri va Muqimiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik musiqali teatri o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risidagi Memorandum imzolandi.

Ushbu hujjat ikki teatr o'rtasidagi ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va qo'shma madaniy loyihalarni amalga oshirishni ko'zda tutadi. Tomonlar qo'shma spektakllar, ijodiy festivallar va badiiy jamoalarning yosh san'atkorlari uchun mahorat darslarini tashkil etish bo'yicha kelishib oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish