Logo

Tokio xorijiy tillar universitetida O'zbek tili bayramiga bag'ishlangan darslar o'tildi

Oktabr 21, 2025. 09:32 • 2 daq

166
Tokio xorijiy tillar universitetida O'zbek tili bayramiga bag'ishlangan darslar o'tildi

TOKIO, 21-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan Tokio xorijiy tillar universitetida 21 oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir davomida Tokio xorijiy tillar universitetida o'zbek tilini o'rganayotgan 30 ga yaqin talabalar va professor-o'qituvchilar hamda "Yaponiya-O'zbekiston" jamiyati qoshidagi o'zbek tili kursi talabalari uchun maxsus darslar tashkil etildi.

Elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov o'z chiqishida barchani 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi va yurtimizda davlat tilini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan vazifalarga to'xtaldi. Bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi o'zbek tilida so'zlashayotganligi, ko'plab mamlakatlar, xususan Yaponiyada ham o'zbek tili va adabiyotiga bo'lgan qiziqish tobora ortib borayotgani ta'kidlandi.

Tokio xorijiy tillar universiteti Yaponiyada o'zbekistonshunoslik va o'zbek tili bo'yicha mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy o'quv yurti ekanligi e'tirof etilgan holda, talabalar o'zbek tilini mukammal o'rganish orqali O'zbekiston bo'yicha yetuk mutaxassis bo'lishiga va ikki mamlakat aloqalarini yana-da mustahkamlashga o'z hissalarini qo'shishiga umid bildirildi.

Dars davomida mushoira tashkil etildi, O'zbekistonda tahsil olgan talabalar tomonidan "O'zbekiston jozibali sayohat maskani" nomli taqdimot va "Siz O'zbekistonni bilasizmi" nomli viktorina o'tkazildi.

Tadbirning madaniy qismida 2024-yilgi "O'zbek tili qalbim tarjimoni" respublika tanlovi g'olibi bo'lgan Tokio xorijiy tillar universiteti talabalari ishtirokida o'zbek milliy kuylari ijro etildi. 

 O'zbekiston diplomatlari, shuningdek, Tokio xorijiy tillar universiteti prezidenti professor Xaruna Nobuo bilan uchrashuv o'tkazdilar. Unda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tokio xorijiy tillar universiteti 80 til bo'yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Universitetda o'zbek tili 2009-yildan buyon asosiy til sifatida o'qitilib kelinmoqda. Hozirda 45 ga yaqin talaba o'zbek tilini o'rganyapti.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish