Vena universitetida o'zbek tilini o'rgatish bo'yicha kurslar va o'zbek adabiyoti burchagi tashkil etilishi mumkin
Oktabr 27, 2025. 18:54 • 2 daq
• 20
VENA, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda diplomatlar, Avstriyadagi o'zbek talabalari uyushmasi a'zolari, shu jumladan, Vena universitetida tahsil olayotgan vatandosh talabalar ishtirok etdi.
Tadbir O'zbekiston elchisi Baxtiyor Ibrohimovning kirish nutqi bilan ochildi. Diplomat ishtirokchilarni o'zbek tilini xalqaro maydonda keng targ'ib qilish va mavqeini mustahkamlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, madaniyat va ta'lim sohalaridagi muhim loyihalar haqida to'xtaldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o'zbek tilining davlat tili sifatidagi o'rni va maqomini mustahkamlashda chinakamiga yangi davr boshlangani, jamiyat hayotining barcha jabhalarida ona tilimizdan faol foydalanishga, yosh avlodni o'z tiliga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.
Avstriya oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan hamyurtlarimiz bilan Vena universitetida o'zbek tilini o'rgatish bo'yicha maxsus kurslarni tashkil etish, universitet kutubxonasida o'zbek tili burchagini yaratish va o'zbek tilini o'qitish bo'yicha darslik va o'zbek adabiyotining eng sara namunalari bilan jihozlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Hamyurtlarimiz Vena universiteti chet tillar kafedrasi o'qituvchilari va talabalari o'rtasida O'zbekiston tarixi, uning urf-odatlari va madaniyatiga qiziqish yuqori ekanligini bildirishdi.
Uchrashuv yakunida universitet kutubxonasida o'zbek tili burchagini ochish bo'yicha Vena universiteti rektoratiga so'rov yuborishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Umra ziyoratchilari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Italiyada yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasi e'tirof etildi
Davlat ramzlari – mustaqillik timsoli, farovon hayot garovi!
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun nishonlandi
O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni AQShda keng nishonlandi