Xorazm viloyatida yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarining Xitoy bozoriga eksporti kengayadi
May 03, 2024. 10:09 • 2 daq
• 157
GUANCHJOU, 3-may. /"Dunyo" AA/. Xorazm viloyati delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davomida mamlakatimizning Guanchjoudagi Bosh konsulxona tomonidan viloyatning investitsiyaviy va eksport salohiyati bo'yicha taqdimotlar ishbilarmon doira vakillari o'rtasida B2B shaklidagi muzokaralar uyushtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, Guandun provinsiyasida yirik oziq-ovqat, qishloq xo'jaligi, meva sabzavot bozoriga egalik qiladigan "Jiangnan group" kompaniyasi raisi Ye Sanjian bilan uchrashuv o'tkazildi.
Unda tovuq panjalari va guruch qoldiqlarini eksport qilish va kompaniya bozorlarining birida savdo-uyini ochish, shuningdek, "Jiangnan group" kompaniyasi rahbariyati va mutaxassislarining O'zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tadbirkorlar ishtirokida Xorazm viloyati qishloq xo'jaligi mahsulotlarini Guandun provinsiyasiga eksporti imkoniyatlariga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Ikki tomonlama taqdimotlar va B2B uchrashuvlar natijasida "Jiangnan group" kompaniyasiga qishloq xo'jaligi mahsulotlarni yetkazib berish bo'yicha eksport shartnomasi imzolandi.
Donguan shahrida o'tkazilgan "China International Food and Ingredients Expo & China International Pre-made Food Industry Expo" ko'rgazmasida O'zbekiston eksport mahsulotlari stendi tashkil etildi. Unda Xorazm viloyatida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etildi. Tadbir doirasida Xorazm viloyati tadbirkorlari va Donguan kompaniyalari rahbarlari o'rtasida B2B shaklidagi muzokaralar uyushtirildi.
Shantou shahrida o'tkazilgan "O'zbekiston–Xitoy" savdo-iqtisodiy hamkorlik forumida Shantou shahar meri Szen Fenbao boshchiligida shahar rasmiylari va 40 dan ortiq kompaniya rahbarlari qatnashdi. Muzokaralar natijasida bir qator kelishuvlarga erishildi.
Guansi provinsiyasida ham Xorazm viloyati investitsiyaviy imkoniyatlari, eksport salohiyati taqdimotlari va tadbirkorlar o'rtasida B2B hamda G2B formatidagi uchrashuvlar uyushtirildi.
Muzokaralar so'nggida Xorazm viloyatida eksport va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston elchixonasida Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi

O‘zbekiston va BAA o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokara o‘tkazildi


