Logo

Malayziyaning Selangor shtati va O'zbekiston hududlari o'rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar yo'lga qo'yiladi

Oktabr 25, 2024. 19:08 • 2 daq

200
Malayziyaning Selangor shtati va O'zbekiston hududlari o'rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar yo'lga qo'yiladi

KUALA-LUMPUR, 25-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi diplomatik vakolatxonasi rahbariyati Malayziyaning Selangor shtati davlat ijro Kengashi a'zosi, qishloq xo'jaligi va infratuzilma vaziri Izxam bin Xashim bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

 Uchrashuvda Selangor shtati va O'zbekiston hududlari o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.


Vaziri Izxam bin Xashim shu yil sentyabr oyida O'zbekiston-Malayziya biznes alyansi vakillaridan iborat ishbilarmonlar delegatsiyasi tarkibida Xorazm va Samarqand viloyatlariga tashrifi, Xiva shahrida o'tkazilgan O'zbekiston-Malayziya biznes-forumi, davlat idoralari va mahalliy korxonalar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar unda katta taassurot qoldirganini ma'lum qildi.


"Selangor shtati va O'zbekistonning sanoati rivojlangan hududlari – Samarqand va Toshkent viloyatlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri savdo-iqtisodiy aloqalarini o'rnatish taklifini qo'llab-quvvatlayman. Ushbu viloyatlarning rasmiy va ishbilarmon doira vakillarini shtatga alohida tashrifini tashkil etishga ham tayyormiz", dedi u.


Malayziya tomoni bilan Selangor shtatida O'zbekistonda yetishtiriladigan sarxil va quritilgan meva-sabzavot va qayta ishlangan qishloq xo'jaligi mahsulotlari ko'rgazmasini tashkil etish hamda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan ikki mamlakatlar ulgurji va chakana savdo kompaniyalari o'rtasida o'zaro aloqalarni o'rnatishga kelishib olindi.


Selangor shtati Malayziya yarim orolining g'arbiy qismida joylashgan va poytaxt Kuala-Lumpur shahrini o'z ichiga olgan. Uning hududi 8 ming kvadrat km, aholisi soni 7,34 million kishini tashkil qiladi. Shtat Malayziyaning iqtisodiy jihatidan eng yirik hududi hisoblanadi. 2023-yilda Malayziya YAIM hajmining 25,9 foizi (eng katta ulush), yoki 98,7 milliard AQSH dollari Selangor shtati hissasiga to'g'ri keldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish