Pokistonning yirik qurilish kompaniyasi Yangi Toshkent loyihasiga qiziqish bildirmoqda

Noyabr 04, 2026. 08:10 • 2 daq

• 221
Pokistonning yirik qurilish kompaniyasi Yangi Toshkent loyihasiga qiziqish bildirmoqda

ISLOMOBOD, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu mamlakatdagi “IMARAT Group” kompaniyasi rahbari Akbar Shafik bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davlatimiz rahbari boshchiligida Yangi Toshkent loyihasini amalga oshirish yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, Pokistonning yirik developerlik kompaniyalarini mazkur loyihaga jalb etish maqsadida tashkil etildi.

Diplomatlar tomonidan Yangi Toshkent loyihasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda Yangi Toshkent shahri loyihasining mazmun-mohiyati, xorijiy investorlar uchun taqdim etiladigan imtiyozlar va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tomonlar “IMARAT Group” kompaniyasining O‘zbekistonda, xususan, Yangi Toshkent hududida yirik ko‘chmas mulk va kompleks development investitsiya loyihalarida ishtirokini ta’minlash masalalarini muhokama qildilar.

Pokistonlik investorga ushbu hududda ko‘p tarmoqli bunyodkorlik loyihasini amalga oshirish taklif qilindi. Loyiha zamonaviy turar-joy majmualari, “Grade-A” toifasidagi ofis maydonlari, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, mehmonxona va konferensiya markazlari hamda zamonaviy jamoat hududlarini qamrab oladi.

“IMARAT Group”ning ko‘chmas mulk sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tajribasi istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Shu munosabat bilan kompaniyaga qurilish loyihasini amalga oshirish, kelgusida Yangi Toshkentda ko‘chmas mulkni boshqarish, sotish va raqamli mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimlarini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish taklifi bildirildi.

Akbar Shafikning fikricha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda shaharsozlik sohasida erishilgan yutuqlar ko‘pchilikni hayratga solmoqda.

“Yangi Toshkent loyihasi O‘zbekiston taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim loyihalardan biridir. Shu bois, mazkur megaloyihada ishtirok etishga qiziqish paydo bo‘ldi. Dastlabki bosqichda O‘zbekistonga tashrif buyurib, Yangi Toshkent loyihasi bilan batafsil tanishgan holda keyingi qadamlarni belgilaymiz”, – deydi Akbar Shafik.

Bo‘lib o‘tgan muhokamalarda “IMARAT Group” delegatsiyasining O‘zbekistonga safari tashkil etilishi va dastlabki muhokamalar bosqichini aniq investitsiya konsepsiyasini shakllantirish bosqichiga olib chiqish bo‘yicha kelishib olindi.

“IMARAT Group” Pokistonning ko‘chmas mulk va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar guruhlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya o‘z faoliyati doirasida ko‘chmas mulk, arxitektura va dizayn, mehmonxona biznesi, qurilish materiallari, ko‘chmas mulkni sotish va boshqarish, raqamli ko‘chmas mulk texnologiyalari yo‘nalishlarini yagona ekotizimga birlashtirgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish