Logo

Ashxobod shahridagi "Toshkent" madaniyat va istirohat bog'ida O'zbek-turkman do'stligi kechasi o'tkazildi

Oktabr 30, 2025. 18:04 • 2 daq

226
Ashxobod shahridagi "Toshkent" madaniyat va istirohat bog'ida O'zbek-turkman do'stligi kechasi o'tkazildi

ASHXOBAD, 30-oktabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Ashxobod shahridagi "Toshkent" madaniyat va istirohat bog'ida "O'zbek-turkman do'stligi kechasi" o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Turkmanistonning rasmiy, jamoatchilik va OAV vakillari, diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbar va xodimlari, shuningdek, Ashxobod aholisi va mehmonlari ishtirok etdi.

Do'stlik kechasida nutq so'zlagan Ashxobod shahar hokimi Rahim Gandimov va O'zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov umumiy tarix, an'ana va qadriyatlar, boy madaniy meros, yaqin birodarlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalari bilan bog'langan o'zbek-turkman munosabatlarining bugungi kunda ikki mamlakat rahbarlarining qat'iy siyosiy irodasi va sa'y-harakatlari bilan yana-da mustahkamlanib borayotganini ta'kidladilar.

Bugungi kunda O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi strategik sheriklik siyosiy va iqtisodiy hamkorlikdan tortib madaniyat, ilm-fan, ta'lim va gumanitar almashinuvlarigacha bo'lgan barcha sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanayotgani qayd etildi.

Toshkentda "Ashxobod" bog'ining va Turkmaniston poytaxtida "Toshkent" bog'ining barpo etilishi xalqaro munosabatlarda chinakam noyob voqea ekani hamda ikki davlat o'rtasidagi aloqalarning yuqori darajasini ko'rsatib bergani ta'kidlandi.

San'at ustalari tomonidan ijro etilgan o'zbek va turkman milliy kuy-qo'shiq barchaga xushkayfiyat ulashdi.

Do'stlik bayrami kechasi birodarlik, do'stlik va yaxshi qo'shnichilikka asoslangan o'zbek va turkman xalqlarining madaniy aloqalari yana-da mustahkamlanib borayotgani hamda ushbu yo'nalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi ufqlar ochilayotganining yorqin namoyishi bo'ldi.

Mazkur tadbirning qardosh o'zbek va turkman xalqlari do'stligining yangi timsoliga aylangan "Toshkent" bog'ida o'tkazilishi esa ushbu maskanni hamda unda joylashgan "Choyxona" o'zbek milliy taomlari restoranini Ashxobod aholisi va mehmonlarining sevimli tashrif maskaniga aylantirishga katta hissa qo'shdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish