Moskva shahridagi Davlat Kreml saroyida O'zbekiston madaniyati kunlarining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi
Noyabr 20, 2024. 11:15 • 2 daq
• 253
MOSKVA, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kecha Moskva shahridagi Davlat Kreml saroyida O'zbekistonning Rossiyadagi madaniyat kunlarining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda yuqori martabali rasmiy, Rossiya va O'zbekistonning madaniy va ishbilarmonlik doiralari vakillari, diplomatlar va san'at namoyondalari ishtirok etdi.
Konsert dasturidan O'zbekiston san'at ustalarining chiqishlari o'rin oldi. Jumladan, O'zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Gulsanam Mamazoitova, Oygul Nodirova, xizmat ko'rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova va Ilyos Arabov tomonidan o'zbek milliy mumtoz va estrada qo'shiqlari ijro etildi. Shuningdek, O'zbekiston xalq artisti Kamolidin O'rinboyev boshchiligidagi Davlat simfonik orkestri hamda Mukarrama Turg'unboyeva nomidagi "Bahor" davlat raqs ansambli tomonidan taqdim etilgan dastur ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.
Mazkur madaniy dastur rossiyalik tomoshabinlarga o'zbek san'atining betakror jozibasini his qilish va uning jahon madaniyatidagi ahamiyatini anglash imkonini berdi.
Madaniy tadbir doirasida O'zbekistondagi muhim voqealar, me'moriy obidalar va zamonaviy o'zgarishlarga bag'ishlangan 80 dan ortiq noyob fotosuratlar taqdim etilgan fotoko'rgazma tashkil etildi.
Ko'rgazmaga tashrif buyurganlar O'zbekistonning madaniy va ijtimoiy sohalarda erishayotgan yutuqlarini fotosuratlarda ko'rish imkoniga ega bo'ldilar.
Rossiyadagi O'zbekiston madaniyati kunlari ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi do'stlik, o'zaro hamjihatlik va madaniy hamkorlik ramziga aylanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi