Logo

O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan tadbir haqidagi lavhalar Berlin televideniyesida namoyish etildi

Mart 28, 2024. 18:24 • 2 daq

130
O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan tadbir haqidagi lavhalar Berlin televideniyesida namoyish etildi

BERLIN, 28-mart. /"Dunyo" AA/. Xalqaro "ITB Berlin 2024" turizm ko'rgazmasi doirasida O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlab o'tkazilgan qator tadbirlar nemis ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

 Jumladan, Germaniya poytaxtining "TV Berlin" telekanalida mamlakatimiz elchixonasida o'tkazilgan tadbir haqida lavha namoyish etildi. Nemis telemuxbiri mazkur ko'rgazmada O'zbekiston Turizm qo'mitasi raisi Umid Shadiyev boshchiligidagi katta delegatsiya bilan ishtirok etganini alohida qayd etdi. "Mamlakatning turistik imkoniyatlari milliy stendida 30 dan ortiq sayyohlik firma va kompaniyalari tomonidan namoyish etilishi bu sohaning izchil rivojlanib borayotganidan darak beradi",— deydi u.


Teledasturda O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov va Turizm qo'mitasi raisi Umid Shadiyev ishtirokida qisqa blis-intervyu ham namoyish etilgan.


Diplomatik vakolatxona rahbari o'z intervyusida "ITB Berlin 2024" xalqaro ko'rgazma doirasida elchixonada o'tkazilgan O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan tadbir va respublikamizda turizm iqtisodiyotning drayveri sifatida rivojlanib borayotgani, dunyoga mashhur qadimiy shaharlarimiz jahon turizmining eng sevimli maskanlariga aylanib ulgurgani ta'kidladi. Shuningdek, u san'atkorlarning badiiy chiqishlari va kuy-qo'shiqlari, raqqosalarning jozibador raqslari O'zbekiston turizmining turfa xilligi ifodasi ekanligini alohida qayd etgan.


Turizm qo'mitasi rahbari Umid Shadiyev telekanal muxbiriga bilan suhbatda "ITB Berlin 2024" yarmarkasi hamda elchixonada tashkil etilgan tadbir ikki mamlakat turizm sohasi vakillari uchun muhim ahamiyat kasb etganini bildirdi. Shu bilan birga, u Germaniyaning turli shaharlaridan kelgan turoperatorlarning o'zbekistonlik hamkasblari bilan o'tkazgan B2B formatidagi muzokaralar samarali kechganini qayd etdi. Shuningdek, Turizm qo'mitasi raisi so'nggi yillarda O'zbekiston-Germaniya munosabatlari tez suratlarda rivojlanib borayotganiga urg'u berib, ayniqsa, bu turizm sohasida yaqqol namoyon bo'layotganini ta'kidladi. "O'zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon ushbu mamlakat sayyohlari yurtimizga keluvchilar orasida yetakchi hisoblanadi. O'tgan yili 40 mingga yaqin nemis sayyohlari O'zbekistonga borgan bo'lsa, joriy yilda ularning soni yana-da oshishi kutilmoqda", — deydi qo'mita raisi.


Dasturda, shuningdek, O'zbekiston san'at ustalari tomonidan ijro etilgan milliy kuy va qo'shiqlar va raqslardan parchalar ko'rsatildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish