"Ammon News": O'zbekistonda inklyuziv ta'lim tizimini takomillashtirish davlat siyosatining muhim yo'nalishlaridan biri
Noyabr 15, 2024. 14:50 • 3 daq
• 221
AMMON, 15-noyabr. /"Dunyo" AA/. Iordaniyaning "Ammon News" elektron nashrida "O'zbekistonda inklyuziv ta'lim: joriy o'zgarishlar va taraqqiyot yo'nalishlari" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekistonda inklyuziv ta'lim tizimini takomillashtirish davlat siyosatining muhim yo'nalishlaridan biri bo'lib, ayni sohada bir qator ijobiy o'zgarishlar amalga oshirilmoqda, deb ta'kidlangan materialda. Jumladan, O'zbekiston Prezidentining "Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bu borada amalga oshirilishi mo'ljallangan sa'y-harakatlar uchun huquqiy asos bo'ldi.
"Mazkur qaror bilan, 2020-2025-yillar uchun xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'limni rivojlantirish konsepsiyasi va 2020-2021-yillarda uni amalga oshirish bo'yicha "yo'l xaritasi", shuningdek, alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar ta'limini 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko'rsatkichlari (indikatorlari) tasdiqlandi", – deyiladi nashrda.
2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini ta'minlovchi inklyuziv ta'lim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish (66-maqsad),yoshlar uchun ochiq va sifatli ta'limni ta'minlash, ta'limning barcha bosqichlarida yoshlarning mukammal ta'lim olishini ta'minlash, hududlarda inklyuziv ta'lim rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish (70-maqsad) kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Qayd etilganidek, nogironligi bo'lgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini, mehnatga bo'lgan qiziqishini oshirish hamda ilm-fan, texnika, san'at va sportga jalb etish borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
"Shunga muvofiq, Yoshlarga oid davlat siyosatini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogironligi bo'lgan yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo'lgan miqdorda subsidiya ajratish bo'yicha O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyundagi tegishli qarori qabul qilingan.
Ma'lumot o'rnida aytib o'tish lozimki, 2023-yilda 14-30 yoshdagi nogironligi bo'lgan yoshlar soni 121 ming 9 nafarni tashkil etgan bo'lsa, shundan 68 ming 723 nafari erkaklar, 52 ming 268 nafari ayollar; shuningdek, 11 ming 569 nafarida I guruh, 69 ming 724 nafarida II guruh, 3 ming 655 nafarida III guruh nogironligi mavjud va 36 ming 43 nafari nogironligi bo'lgan bolalardir", –deya ma'lum qilinadi manbada.
Maqola xulosasida "Ta'lim olish uchun teng imkoniyatni ta'minlash va barcha bolalarning individual xususiyatlaridan, yutuqlaridan, tili, madaniyati, ota-onalarning ijtimoiy va iqtisodiy holatidan qat'i nazar ta'limda muvaffaqiyatga erishishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish esa inklyuziv ta'lim tizimini rivojlantirishning bosh maqsadi bo'lishi hamda buning ustuvor yo'nalishlari qat'iy belgilab olinishi lozim", – deb yozilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




