“Orta Lectura”: Yangi O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar hajmi 13,7 milliard dollarga yetdi
May 23, 2026. 13:30 • 2 daq
• 79
MADRID, 23 may. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “Orta Lectura” nashrida Yangi O‘zbekistonning global inqirozlar sharoitida iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va transformatsiya qilish borasidagi islohotlari bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti (SMTI) birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matovning fikrlariga tayanib, mamlakatning 2026 yil birinchi choragidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari baholangan.
Ekspertning ta’kidlashicha, erishilgan ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning tashqi shoklarga nisbatan ishonchli ichki immunitetni shakllantira olganidan dalolat beradi. Global bozorlardagi beqarorlik va logistik zanjirlarning uzilishiga qaramay, mamlakatda YAIM o‘sishi o‘tgan yilning mos davridagi 6,8 foizdan joriy yilda 8,7 foizga ko‘tarildi. Sanoat sektori 8 foizga, lokomotiv vazifasini bajargan xizmatlar sohasi esa 16,1 foizga o‘sdi.
Nashr ushbu ijobiy dinamikani Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan, davlatni oddiy nazoratchidan modernizatsiya jarayonlarining faol katalizatoriga aylantirgan puxta strategiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri natijasi sifatida tavsiflaydi.
Xususan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun bank tizimi orqali 140 trillion so‘m (o‘tgan yilga nisbatan 30 foiz ko‘p) mablag‘ yo‘naltirilgani, mahallalarga manzilli yordam sifatida 3,6 trillion so‘m ajratilgani iqtisodiy faollikni pastdan boshlab tiklashga xizmat qilgan.
Maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotining xomashyo eksport qiluvchi modeldan yuqori texnologiyali qiymat zanjirlarini yaratish modeliga o‘tayotgani alohida qayd etilgan. Bu borada dunyoning 40 dan ortiq yetakchi brendlari strategik sheriklikka jalb etilmoqda. Chorak davomida jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 1,6 baravarga ortib, rekord darajadagi 13,7 milliard dollarni tashkil etgan.
Navbatdagi muhim qadam sifatida, kelgusi oyda Milliy investitsiya jamg‘armasi tarkibidagi 13 ta strategik korxona boshqaruvi “Franklin Templeton” kompaniyasiga topshirilishi va 2,4 milliard dollarlik davlat aktivlari xalqaro fond bozorlariga (IPO) chiqarilishi kutilmoqda.
Maqola xulosasida yozilishicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan vazmin va proaktiv tashqi siyosat mintaqada zarur barqarorlik muhitini yaratmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




