“Reuters”: UzNIF aksiyalari London birjasida muvaffaqiyatli joylashtirildi
May 23, 2026. 10:00 • 2 daq
• 120
LONDON, 23-may. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “Reuters” nashrida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi – UzNIF aksiyalarining London fond birjasida joylashtirilganiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda, “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, aksiyalarning joylashtirilishi xalqaro investorlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Arizalarning umumiy hajmi 2,8 milliard dollardan oshib ketdi. Bu muvaffaqiyat O‘zbekistonning ham davlat, ham xususiy kompaniyalari uchun keyingi IPO (aksiyalarni ommaviy taklif qilish) jarayonlariga yo‘l ochadi.
Agentlikda yozilishicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida 2025–2028-yillarda qator yirik korxonalarning davlat ulushini sotish ko‘zda tutilgan. Potensial nomzodlar sirasiga oltin va uran qazib oluvchi davlat kompaniyalari hamda milliy aviakompaniya kiritilgan.
London fond birjasini boshqaruvchi “LSEG” kompaniyasi ushbu kelishuvni joriy yilda mazkur maydonda amalga oshirilgan eng yirik aksiyalarning birlamchi ommaviy savdosi deb atadi.
Milliy investitsiya fondini AQSHning “Franklin Templeton” investitsiya kompaniyasi boshqaradi. Fond energetika, kommunal xizmatlar, transport va infratuzilma tarmoqlaridagi yirik davlat korxonalarining aksiyalar paketiga egalik qiladi.
Fond faoliyati nafaqat kapital jalb qilish, balki korporativ boshqaruv sifatini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda mustaqil direktorlar va moliyaviy rahbarlarni tayinlashga ham qaratilgan.
“Reuters” maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizlik o‘sishni qayd etgan. Bunda aholining yosh tarkibi, ichki bozorning kengayishi va oltin eksportining yuqori hajmi asosiy omil bo‘ldi. Mamlakatdagi tizimli iqtisodiy o‘zgarishlar xalqaro investorlarning O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishini yana-da kuchaytirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi o‘ziga xos qadimiy sado va kuylar “Ohang” orqali tarixga muhrlandi



