"El Mundo Financiero": O'zbekistonda an'anaviy ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda elektron nashrlar ham jadal rivojlanmoqda
Avgust 21, 2024. 10:28 • 2 daq
• 253
MADRID, 21-avgust. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning nufuzli "El Mundo Financiero" elektron nashrida "O'zbekistonda nodavlat ommaviy axborot vositalarining ulushi 60 foizdan oshdi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ta'kidlanishicha, zamonaviy dunyoda so'z va axborot erkinligi demokratik jamiyatning asosiy elementi hisoblanadi.
O'zbekiston ushbu muhim sohada fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini mustahkamlash yo'lida faol harakat qilmoqda, erkin axborot almashinuvi va axborot jamiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga intilmoqda. Mamlakat inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirishga qat'iy sodiqdir. O'zbekiston rahbariyatining bu boradagi sa'y-harakatlari yaxlit, barqaror va orqaga qaytmasdir.
"O'zbekiston fikrlar plyuralizmini ta'minlash, ochiq va axborotlashgan jamiyatni rivojlantirishga xizmat qiluvchi har qanday senzuraning oldini olishga intilyapti, – deb yozilgan ispan OAV tarqatgan maqolada. – Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada liberallashtirish va jurnalistlar huquqlarini ta'minlash maqsadida 2018-yilda qonunchilikda jurnalistning huquqiy maqomi va jurnalistik faoliyat erkinligi kafolatlari, shuningdek, zamonaviy talablar asosida mamlakat va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazish tartibi belgilandi".
Qayd etilishicha, 2016-yildan bugungi kungacha O'zbekiston OAV soni 49 foizga oshib, 2200 taga yetdi. Shu bilan birga, mamlakatda nodavlat ommaviy axborot vositalarining umumiy ulushi 60 foizdan oshdi. An'anaviy ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda elektron nashrlar ham jadal rivojlanib, ularning soni muttasil ortib bormoqda.
"2023-yilda axborot erkinligini ta'minlash bo'yicha qator masalalar mamlakatning yangilangan Asosiy qonuni darajasida mustahkamlanganini alohida ta'kidlash kerak", – deb ta'kidlagan "El Mundo Financiero".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi