"Diplomacy India": O'zbekiston kelajakka yo'naltirilgan yangi transport yo'nalishlarini ochmoqda
Avgust 05, 2025. 07:16 • 2 daq
• 72
DEHLI, 5-avgust. /"Dunyo" AA/. Hindistonning "Diplomacy India" axborot portalida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonning "Avaza" turistik zonasida bo'lib o'tayotgan BMTning dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha III konferensiyasidagi ishtirokiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Hind jurnalisti O'zbekiston zamonaviy transport koridorlari va logistika yechimlarini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro sa'y-harakatlarda faol ishtirok etayotganini qayd etgan.
"Xususan, barqaror transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, savdo yo'nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilyapti. Ular BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan bevosita bog'liq bo'lgan milliy taraqqiyot strategiyasining asosiy yo'nalishlaridan biriga aylandi", deb qayd etilgan maqolada.
Elektron nashr 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusi bilan 40 ta davlat bilan hammualliflikda qabul qilingan Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo'yicha maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan ma'qullaganiga alohida e'tibor qaratgan.
So'nggi yillarda O'zbekiston Transafg'on temir yo'li qurilishi, O'rta transport yo'lagini rivojlantirish, "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi, Xitoy-Markaziy Osiyo loyihalari kabi yirik dasturlar tashabbuskori bo'lgani va ularda ishtirok etayotgani haqida so'z yuritilgan.
"Bu ichki infratuzilmani modernizatsiya qilish – temir yo'llarni qurish va elektrlashtirish, zamonaviy logistika uzellari va terminallarini yaratish borasidagi sa'y-harakatlar bilan to'ldirilmoqda. Shu bilan birga, O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa mintaqaviy formatlarda o'z kun tartibini faol ilgari surmoqda", deb yozgan maqola muallifi.
"Diplomacy India" ko'p tomonlama yondashuv allaqachon o'z samarasini berayotganini urg'ulagan: "O'zbekiston orqali tranzit tashish hajmi oshib bormoqda, mamlakatning Yevroosiyodagi transport xabi sifatidagi roli mustahkamlanmoqda. Eng muhimi, obyektiv geografik cheklovlarga qaramay, mamlakat tashqi xavf-xatarlarga chidamliligini kuchaytirib, jahon iqtisodiyotiga to'liq integratsiyalashuviga yo'l ochmoqda. O'zbekistonda dengizdan ikki baravar uzoqlik endi qiyinchilik sifatida qabul qilinmaydi. Bugungi kunda O'zbekiston uchun bu xalqaro ustuvorliklarni belgilovchi va mamlakatni yangi Yevroosiyo logistikasining faol ishtirokchisiga aylantiruvchi strategik omildir".
Maqola "O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonda bo'lib o'tadigan BMT konferensiyasidagi ishtiroki mamlakatning xalqaro hamjihatlikni mustahkamlash va muhokama etilayotgan muammolarning barqaror yechimlarini topishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi hamda dengizga chiqish imkoni bo'lmagan mamlakatlarning global iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi bo'yicha yangi kun tartibini shakllantirishga konstruktiv hissa qo'shadi",- degan e'tirof bilan yakunlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida