Logo

Ozarbayjon OAV: Toshkent – Markaziy Osiyoning eng xavfsiz shahri

Yanvar 20, 2026. 17:01 • 2 daq

390
Ozarbayjon OAV: Toshkent – Markaziy Osiyoning eng xavfsiz shahri

BOKU, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonda mashhur bo‘lgan “Dunyainfo.net” axborot-tahliliy platformasida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish hamda yuqori darajadagi xavfsizlik darajasiga ega Toshkent shahri haqida maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonda turistik soha rivojiga bag‘ishlangan maqolada qayd etilishicha, mamlakat turizmni iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘radi. Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2030 yilga borib sohaning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirgan.

Shuningdek, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, turizm eksportini kengaytirish ham maqsad qilingan. Taʼkidlanishicha, ushbu maqsadlarga erishish investitsiyalarni jalb qilish, turizm xizmatlari sifatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali taʼminlanadi.

“Toshkent – Markaziy Osiyoning eng xavfsiz shahri” sarlavhali maqolada xavfsizlik darajasiga eʼtibor qaratilgan. “Numbeo” xalqaro tahliliy portali reytingiga tayanib xabar berilishicha, Toshkent Markaziy Osiyo va MDH davlatlari shaharlari orasida yetakchi o‘rinlarni egallab, dunyoning eng xavfsiz shaharlari yuztaligiga kirgan.

Muallifning taʼkidlashicha, poytaxtning yuqori baholanishiga nafaqat jinoyatchilikning past darajasi, balki huquq-tartibot organlarining samarali faoliyati, shahar infratuzilmasining rivojlanishi, aholi va sayyohlar tomonidan xavfsizlikning ijobiy qabul qilinishi ham sabab bo‘lgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish