“Al Bilad”: O‘zbekistondagi qadimiy shaharlar jahon savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan
Fevral 23, 2026. 11:51 • 3 daq
• 399
MANAMA, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Bahraynning mashhur “Al Bilad” nashrida “Samarqand va Buxoroni kashf eting: O‘zbekistonning yashirin xazinalari” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekistonning turistik salohiyati keng targ‘ib qilingan. Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston o‘z madaniyati va qadimiy tarixiga ega mamlakat sanaladi. Samarqand va Buxoro O‘zbekistondagi eng ko‘zga ko‘ringan shaharlar hisoblanadi.
“Dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida tanilgan Samarqand Ipak yo‘lidagi shunchaki tarixiy bekat emas, balki fors, xitoy va hind taʼsirlarining ajoyib uyg‘unligini aks ettiruvchi rang-barang madaniy markazdir. Shahar 2700 yildan ortiq vaqt oldin tashkil etilgan bo‘lib, Bibixonim masjidi va Ulug‘bek rasadxonasi kabi ajoyib meʼmoriy yodgorliklari bilan mashhur”, deya taʼkidlangan materialda.
Samarqand meʼmorchiligi dunyoda eng ko‘zga ko‘ringan madaniy diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi. “Shohi Zinda” masjidi o‘rta asrlar meʼmoriy badiiy mahoratini o‘zida mujassam etgan feruza rangli gumbazlari bilan ajralib turadi. Qurilishda ishlatilgan mozaika va marmarlar O‘zbekistonning qadimgi hunarmandlarining boy tarixi va mahoratini aks ettiradi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Shohi Zinda o‘n beshinchi asr davomida g‘oyaviy va madaniy almashinuvning asosiy markazlaridan biri bo‘lgan, bu esa Samarqandning bilim va ijod markazi sifatidagi ahamiyatini yana-da oshiradi.
Tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, Samarqand nafaqat Buyuk Ipak yo‘lidagi bekat, balki jahon savdosida ulkan o‘rin tutgan. U Osiyo va Yevropa o‘rtasida ipak, ziravorlar, oltin va qimmatbaho toshlar kabi tovarlarni ayirboshlash markazi bo‘lgan. Yaqin Sharq savdogarlarining yaqinda topilgan hujjatlari kabi zamonaviy dalillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston shaharlari qadimgi sivilizatsiyalar o‘rtasidagi savdo aloqalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynagan.
Nashrda qayd etilishicha, Buxoro shahri ham jahonga mashhur bo‘lib, Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining tarixiy xazinasi sanaladi. Shahar maʼnaviy va madaniy jihatlarni izlayotgan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladigan sirli muhitga ega. Buxoro shunchaki ibodat joyi emas, balki mintaqa tarixining ijtimoiy va siyosiy jihatlari namoyon bo‘ladigan maskandir.
Buxorodagi mashhur joylar orasida Markaziy Osiyodagi eng muhim islomiy yodgorliklardan biri hisoblangan Masjidi Kalon majmuasini uchratamiz. Masjid o‘zining 47 metr balandlikdagi minorasi bilan mashhur bo‘lib, undan sayyohlar uchun mayoq sifatida foydalanilgan. Islom tadqiqotlariga ko‘ra, Buxoro asosiy taʼlim markazi bo‘lib, uning Mir Arab madrasasi kabi mashhur ilm dargohlarida fiqh (huquqshunoslik), astronomiya va tibbiyot fanlari o‘qitilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi