Britaniya OAV milliy o'zbek kashtado'zlik amaliy san'ati haqida yozmoqda
Iyun 28, 2024. 19:10 • 2 daq
• 208
LONDON, 28-iyun. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning "Middle East Eye" gazetasi saytida "Yangi O'zbekistonda an'anaviy kashtachilik san'atiga qiziqish qayta jonlandi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Materialda o'zbekistonlik usta-hunarmand Muhabbat Qo'chqorova faoliyati haqidagi ma'lumotlar qalamga olingan.
"Kashta tiksam, boshqa dunyoga kiraman, deydi 55 yoshli rassom buvisidan meros bo'lib qolgan gul naqshini ko'rsatib. Men e'tiborimni gul barglariga qarataman va uning go'zalligi haqida o'ylayman", deya kashtado'z hamyurtimiz so'zlaridan iqtibos keltirilgan manba.
Qayd etilganidek, O'zbekiston kashtado'z xotin-qizlari an'anaviy kashtachilikda ko'p asrlik uslublarni saqlab kelmoqda.
Ma'lum qilinishicha, kashtado'zlik beshinchi qizi tug'ilgandan keyin ishni tashlab ketgan sobiq hisobchi Muhabbat Qo'chqorova kabi o'zbek ayollarining iqtisodiy tayanchiga aylandi.
"Uning oilasi Buxorodan 50 km Shimolda joylashgan Shofirkon shahri yaqinidagi qishloqda yashaydi. U yerda Muhabbat Qo'chqorova 25 yildan ortiq vaqtdan beri o'z ustaxonasida kashtachilik bilan shug'ullanib keladi. Uch yil avval turmush o'rtog'idan ayrilgan Muhabbat hozir do'konni boshqaradi va qizlari yordamida "Instagram" va "Etsy" orqali so'zanalarni asosan xalqaro xaridorlarga sotadi", deya ma'lum qilingan maqolada.
Ko'p asrlar davomida savdogarlar va sayohatchilar o'rtasida madaniy va moddiy boyliklar ayirboshlash markazi bo'lgan Buxoro shahrida amir choponi va uning saroyini bezashda sof zardo'zi-kashtado'zlikdan foydalanilgan.
Britaniya nashri yozganidek, bir paytlar faqat erkaklarga o'rgatilgan bu hunarni hozirda hunarmand ayollar saqlab kelmoqda.
"Bugungi kunda O'zbekiston ipak ishlab chiqarish bo'yicha Xitoy va Hindistondan keyin dunyoda uchinchi o'rinda turadi va hunarmandchilikning tiklanishi asosan hunarmand ayollar mehnati tufayli rivojlanmoqda. Ushu omillar natijasi o'laroq, 2023-yil oktyabr oyida Buxoro YUNESKOning ijodiy shaharlar ro'yxatiga kiritildi", deya ta'kidlangan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi