Logo

Elchi Dilshod Axatov: Yurtimizning har bir go'shasi boy tarix va madaniyatga ega

Iyun 09, 2024. 12:02 • 4 daq

250
Elchi Dilshod Axatov: Yurtimizning har bir go'shasi boy tarix va madaniyatga ega

BERLIN, 9-iyun. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning nufuzli "Business & Diplomatie" jurnalida O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov bilan suhbat chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Elchi nemis jurnalisti Svetlana Alekseyeva-Kryuger bilan suhbatda Markaziy Osiyoning markazida, Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan qadimiy yurtimiz azaldan Sharq va G'arb davlatlari o'rtasida nafaqat jug'rofiy, balki madaniy va ma'naviy ko'prik bo'lib kelganini ta'kidlagan. Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining islom me'morchiligi bilan yo'g'rilgan dunyoga mashhur yodgorliklar hanuz dunyo sayyohlarini o'ziga rom etishi qayd etilgan .

"Bu yurtda yashab o'tgan buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-faniga qo'shgan hissasi juda katta. Xususan, bugungi kunda tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan axborot texnologiyalari, raqamlashtirish sohasining o'zagi, qolaversa "algoritm" atamasi ham bevosita algebra fanining asoschisi Al-Xorazmiy nomi bilan bog'liq, – deydi diplomat. Uzoq o'tmishga ega moddiy va nomoddiy madaniy merosimizni asrab-avaylab kelayotgan mamlakatimizda qadimiy urf-odatlar, an'analar hamon barhayotdir. Zardo'zlik, kashtachilik, ipakchilik, temirchilik va gilamdo'zlik kabi ko'plab hunarmandchilik turlari avloddan-avlodga o'tib kelmoqda. Buyuk nemis shoiri, qomusiy olim Yohann Volfgang fon Gyotening "G'arbu-Sharq devon"ida mashhur Samarqand qog'ozi e'tirof etilgani ham bejiz emas".

Intervyuda O'zbekistoning turizm salohiyati, go'zal tabiatidan tortib gastronomik imkoniyatlari, germaniyalik sayyohlar uchun 30 kun davomida O'zbekistonga vizasiz kirish imkoniyati va boshqa ko'plab imtiyoz hamda qulayliklar borasida jurnal o'quvchilariga ma'lumot berilgan.

"Yurtimizning har bir go'shasi boy tarix va madaniyatga ega, shu jihatdan jahon sayyohlari mamlakatimizning turli burchaklarini sayyohlik maskani sifatida kashf etishlari mumkin, – deydi diplomatik vakolatxona rahbari. – Shu o'rinda, 2023 yilda Berlindagi Jeyms Simon galereyasida tashkil etilgan O'zbekistondagi qadimiy yodgorlik va topilmalarga bag'ishlangan "O'zbekistonning arxeologik xazinalari: "Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha" nomli ko'rgazmaga yarim milliondan ortiq kishi tashrif buyurgani yurtimizga qiziqish naqadar yuqori ekanligidan dalolat beradi".

Suhbat davomida global muammo sifatida qabul qilingan Orol fojiasiga O'zbekiston hukumati tomonidan alohida e'tibor qaratilayotgani, keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etilgan. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 18-yanvardagi qaroriga muvofiq 2017−2021-yillarda Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilingan va Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish jamg'armasi tuzilgan. O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2018-yilda "Orolni qutqaramiz" dasturi ishga tushirilgan. Buning natijasida so'nggi bir necha yil davomida Orol dengizining qurigan tubida o'rmonzorlar yaratildi va ular ilk samarasini bermoqda, bugungi kunda hududda kuchli chang bo'ronlari ko'chishi kamaygani kuzatilmoqda. "O'zbekiston – 2030" milliy strategiyasida ham bu kabi o'rmonlar maydonini yanada ko'paytirish rejalashtirilgan.

Nemis jurnalisti Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida O'zbekistonda katta iqtisodiy o'sish kuzatilayotgani, investitsiyalar hajmi ham oshib borayotganini e'tirof etgan holda bunday muvaffaqiyatning eng asosiy omili nimada deya savol beradi.

Mamlakatimiz elchisi unga javoban qo'yidagilarni ta'kidlagan: "Yurtimizda 2016-yildan buyon iqtisodiyotda uzluksiz keng qamrovli tub islohotlar amalga oshirilib kelmoqda. Dastlab bozor mexanizmlari va mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini faollashtirish uchun ma'muriy nazoratdan tubdan voz kechildi. Soliq, pul-kredit, valyuta siyosati isloh qilindi. Xususan, qo'shilgan qiymat solig'i stavkasi 20 foizdan 12 foizga tushirildi, valyuta kursi liberallashtirildi. Mamlakatda xususiy mulk davlat himoyasida ekanligi kafolatlandi. Yirik banklar, sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish jadal davom etmoqda".

Shuningdek, nashrda mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan xalqchil tashqi siyosat haqida so'z borgan. "Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangandan buyon O'zbekiston ochiq va konstruktiv tashqi siyosati natijasida eng yaqin strategik hamkorlarimiz va qo'shnilarimiz bo'lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo'shnichilik muhiti yaratildi. Prezidentimizning ushbu tashabbusi butun dunyo hamjamiyati tomonidan olqishlandi. Chegara punktlari ochilgani, transport aloqalari tiklangani, mintaqa davlatlari rahbarlarining S5 formatida mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun muntazam uchrashuvlari bunga yaqqol misoldir", – degan elchi Dilshod Axatov.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish